O‘zbekiston | 20:58 / 02.05.2025
3038
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston matbuot erkinligi indeksida 148-o‘rinda qoldi

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2025 yilgi OAV erkinligi indeksida O‘zbekiston 148-o‘rnini saqlab qoldi, ammo mamlakatning beshta yo‘nalishdagi reyting ko‘rsatkichlaridan barchasi pasaydi. Xalqaro kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyat “juda jiddiy”ligicha qolmoqda.

Matbuot erkinligi indeksi, 2025

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti an’anaviy OAV erkinligi indeksini e’lon qildi. 2025 yilgi reytingda O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida o‘tgan yilgi kabi 148-o‘rinni egallagan va hamon so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyat “juda jiddiy” davlatlar qatorida qolmoqda.

O‘zbekistondagi OAV erkinligining darajasi o‘tgan yili 100 baldan 37 balga, bu yil esa 35 ballga baholangan. Reytingga asos bo‘ladigan indikatorlarning beshalasida ham pasayish qayd etilgan.

Qo‘shni mamlakatlardan Qozog‘iston 141-, Qirg‘iziston 144-, Tojikiston 153-, Turkmaniston 174-, Afg‘oniston 175-o‘rinda qayd etilgan.

Rossiya so‘nggi o‘ntalikka – 171-o‘ringacha tushib ketgan, Xitoyning o‘rni 180 davlat orasida 178-o‘ringacha tushib ketgan. Reytingni Shimoliy Koreya va Eritreya yakunlab beradi.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishiga to‘siqlarning ko‘payib borishi tendensiyasi to‘xtamayapti.

“Dunyo bo‘ylab so‘z erkinligi eng past darajaga yetdi”, – deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar” sharhida.

Tashkilot tomonidan kuzatib boriladigan 180 ta mamlakat va hududdan 90 tasida OAV xodimlarining ahvoli “qiyin” yoki “juda jiddiy”.

Mualliflarga ko‘ra, so‘z erkinligi bo‘yicha global vaziyatning yomonlashayotganiga xavfsizlik muhitining beqarorligi va avtoritarizmning kuchayishi bilan birga, iqtisodiy bosim ham asosiy sababdir.

Reyting tuzuvchilarning ta’kidlashicha, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab tahririyatlar tobora mustaqillik va iqtisodiy omon qolish istagi o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda.

RSF ijrochi direktori Anya Osterxaus ommaviy axborot vositalarining moliyaviy qiyinchiliklarini “mustaqil jurnalistika – avtokratlar uchun tikan” ekani bilan tushuntirdi.

“Agar ommaviy axborot vositalari moliyaviy qiyin ahvolga tushib qolsa, yolg‘on ma’lumotlar, dezinformatsiya va targ‘ibotni kim fosh qiladi? Demak, jurnalistlar xavfsizligi uchun har kungi kurashdan tashqari, jurnalistikaning iqtisodiy asoslarini mustahkamlash kerak”, – deydi u.

Qayd etilishicha, kuzatilayotgan 180 davlatning 160 tasida OAV umuman barqaror ishlay olmaydi yoki buni faqat qiyinchilik bilan amalga oshirishi mumkin. Mamlakatlarning deyarli uchdan birida tahririyatlar iqtisodiy sabablarga ko‘ra yopilgan, ularga rasmiylar tomonidan ko‘pincha bosim o‘tkazilgan. 46 ta davlatda OAV faqat oz sonli egalari tomonidan nazorat qilinadi.

Mavzuga oid