Jahon | 18:12
851
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariya banki amerikaliklarga soliqdan qochishda yordam bergani uchun 511 mln dollar jarima to‘laydi

Credit Suicce banki o‘z mijozlariga kamida 475 ta ofshor hisobraqam orqali aktivlari va daromadlarini yashirishga yordam bergan.

Foto: AP

Shveytsariyaning Credit Suicce banki mijozlariga 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ni soliq organlaridan yashirganlik bo‘yicha aybini tan olishga va AQShga 511 million dollar to‘lashga rozi bo‘ldi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi ma’lum qildi.

2023 yilda Credit Suicce’ni o‘z tarkibiga qo‘shib olgan UBS’ning ma’lum qilishicha, bankning shu’ba tuzilmalari ikkita jarima — soxta soliq deklaratsiyalarini tayyorlaganlik uchun 372 million dollar va jinoiy ta’qibni to‘xtatish uchun 139 million dollar to‘laydi. Ikkinchi jarima amerikalik mijozlarning Singapurdagi Credit Suicce filialida ochgan hisobraqamlariga taalluqli. «UBS ushbu harakatlarda ishtirok etmagan va soliqlardan bo‘yin tovlashni ma’qullamaydi», — deyiladi bank xabarida. Ta’kidlanishicha, UBS 2009 yilda shu kabi ish doirasida AQSh hukumati bilan 780 million dollarlik tinchlik kelishuviga erishgan.

AQSh Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Credit Suicce mijozlariga kamida 475 ta ofshor hisobraqam orqali aktivlari va daromadlarini yashirishga yordam bergan. «Bank xodimlari hujjatlarni soxtalashtirgan, fiktiv xayriyalarni rasmiylashtirgan va 1 milliard dollarlik hisobraqamlarga soliq bo‘yicha tegishli tekshiruvlarsiz xizmat ko‘rsatgan», — deyiladi idora xabarida.

Tergov bir necha yil davom etgan va Credit Suicce 2014 yilda 2,6 milliard dollar — AQSh jinoiy soliq ishlaridagi rekord summani to‘laganidan keyin ham noqonuniy amaliyotini davom ettirgani aniqlangan. 2014-2023 yillar davomida Singapurdagi hisobraqamlar orqali berkitilgan jami aktivlar qiymati 2 milliard dollardan oshadi. AQSh hukumatining qayd etishicha, tergov Credit Suicce’ning sobiq xodimlari bayonotlaridan keyin boshlangan.

Mavzuga oid