O‘zbekiston | 12:21 / 07.05.2025
14244
6 daqiqa o‘qiladi

SSSRning kosmik apparati O‘zbekistonga qulashi ehtimoli 0,3–0,5 foizga teng - «O‘zbekkosmos»

1972 yilda Veneraga uchirishda muvaffaqiyatsizlikka uchrab, orbitada qolib ketgan sovetlarning yarim tonnalik «Kosmos-482» apparati may oyida yerga qulashi kutilmoqda. Agar uning parashyuti ochilmasa, yerga urilish tezligi soatiga 500 kmgacha yetishi mumkin. «O‘zbekkosmos» mutaxassislari «Kosmos-482»ning O‘zbekiston hududiga tushishi ehtimolini baholadi.

Foto: NASA’s Astronomy Picture of the Day

So‘nggi kunlarda SSSR tomonidan «Venera-8» missiyasi doirasida uchirilgan «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparatning yerga qulashi haqida ma’lumotlar tarqaldi. Ayrim manbalar apparatning qulash nuqtasi Markaziy Osiyo davlatlari hududiga to‘g‘ri kelishini taxmin qilmoqda.

Xo‘sh, ularning orasida O‘zbekiston ham bo‘lishi mumkinmi va bu qanchalik xavfli jarayon? «O‘zbekkosmos» agentligi Yangi texnologiyalarni tatbiq qilish bo‘limi boshlig‘i Ahror Agzamov mazkur hodisa yuzasidan ma’lumot berdi.

Haqiqatan ham 1972 yil 31 mart kuni sobiq Sovet Ittifoqining «Venera» dasturi bo‘yicha «Kosmos-482» sayyoralararo kosmik apparati fazoga uchirilgan. Biroq raketa-tashuvchining yakuniy bosqichi muvaffaqiyatsiz ishlashi oqibatida u Yer orbitasida qolib ketgan.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, apparatning yerga qulashi 9-11 may kunlariga to‘g‘ri kelishi mumkin. «Kosmos-482»ning aniq qayerga qulashini aytish biroz mushkul. Uning O‘zbekiston hududiga tushishining ehtimoli esa hozircha 0,3-0,5% oralig‘ida baholanmoqda – ya’ni 1 foiz ham emas.

«Apparatning katta qismi atmosferaga kirishi bilan yonib ketsa-da, Veneraning og‘ir sharoitlarida qo‘nish va ishlash uchun mo‘ljallangan yarim tonnaga (480 kg) yaqin massali titan shari alohida xavf tug‘diradi. Bu komponent yer atmosferasiga kirishda omon qoladi va butunlay qulab tushadi», deyiladi agentlik bayonotida.

Kosmik apparatning parashyut borligiga qaramay, u koinotda 53 yil qolganidan keyin parashyut ishlamasligi mumkin. Qurilmaning yerga urilish tezligi esa soatiga 500 kmgacha yetishi kutilmoqda. Agentlik, bunday holat yuz bersa qulagan kosmik kemaning qoldiqlariga tegmaslikni maslahat berdi.

«Bo‘laklar topilgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan rasmiylarga xabar berish va hech qanday holatda apparat qoldiqlari bilan aloqada bo‘lmaslik tavsiya etiladi, chunki ular tarkibida xavfli kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin», deyiladi rasmiy manbada.

Venera missiyalari

Zuhro sayyorasi (Venera) Quyosh sistemasida Merkuriydan keyin 2 tartibda joylashgan, yerga eng yaqin keladigan va eng ravshan ko‘rinadigan sayyora. Venera insoniyat tomonidan eng ko‘p tadqiq qilingan yulduz hisoblanadi.

Xususan, SSSRning «Venera» seriyali apparatlari birinchi bo‘lib uning sathiga qo‘ngan, AQSh kemalari sayyoraning radar xaritasini tuzgan.

Qaytishi kutilayotgan obektga kelsak. 1972 yil 27 mart kuni Baykonur kosmodromidan «Venera-8» avtomatik sayyoralararo stansiyasi uchirildi. O‘sha davrda ishonchlilikni oshirish maqsadida ayni shunday ikkinchi qurilma ham uchirilgan. Ya’ni, 31 mart kuni «Venera-8»ning dublyori ham fazoga jo‘natilgan.

Foto: TASS

Asosiy apparat 117 kunda Veneraga yetib borib, muvaffaqiyatli qo‘ngan. U 50 daqiqadan ko‘proq faol ishlab, o‘z missiyasini bajargan. Lekin, 31 mart kuni uchirilgan «Venera-8»ning dublyorida nosozlik bo‘lgan. Uni fazoga olib chiqqan raketaning tezlashtiruvchi blokida muammo yuzaga kelgan va kosmik apparat sayyoralararo trayektoriyaga chiqolmagan. Shu sababli unga «Kosmos-482» nomi berildi. Aslida Venera sayyorasi atmosferasi uchun mo‘ljallangan ushbu qurilma yer orbitasida hech qanday samara keltirmagan. U shunchaki parchalanib, kosmik chiqindiga aylangan. Uning 480 kgli asosiy moduli 10–14 may oralig‘ida yerga qulashi kutilmoqda.

Nima uchun, qurilmaning aniq joyi va vaqt noma’lum? Chunki bu quyosh faolligiga bog‘liq — u Yer atmosferasining yuqori qatlamlari zichligiga ta’sir qiladi, bu esa kapsulaning trayektoriyasini o‘zgartiradi.

Nima uchun bu kosmik chiqindi olimlarga kerak?

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu hodisa fan uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki bu modul Veneraning g‘oyat og‘ir sharoitlariga bardosh berish uchun ishlab chiqilgan. Shu sababli u Yer atmosferasiga kirganda ham butun holatda qolishi mumkin. Agar u Yerga urilganidan keyin hech bo‘lmasa qisman saqlanib qolsa, olimlar uchun bu o‘ziga xos tajriba bo‘ladi: kapsula o‘nlab yillar davomida orbitada qanday omillarga (radiatsiya, galaktik nurlanish, mikrometeoritlar) bardosh berganini tahlil qilish mumkin bo‘ladi.

SSSR Veneraga jami 18 ta kosmik apparat yuborgan, 10 tasi muvaffaqiyatli qo‘ngan. 1975 yilda uchirilgan apparatlar ushbu sayyoraning ilk fotosuratlarini Yerga uzatdi. 1982 yilda esa «Venera-13» va «Venera-14» apparatlari rangli suratlar yuborishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Sobiq Toshkent mashinasozlik konstruktorlik byurosi mazkur aynan «Venera-13 va 14» va «Vega-1 va 2» apparatlari uchun grunt olish va burg‘ilash qurilmalarini loyihalashtirgan va ishlab chiqargan. Ularni sinovdan o‘tkazish esa Toshkent viloyatidagi Nevich qishlog‘ida joylashgan sinov markazida amalga oshirilgan.

Mavzuga oid