Jahon | 08:40
3013
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya bilan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifi kuchda qolyapti

Ukrainaning Rossiya bilan kamida 30 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifi o‘z kuchida qoladi, dedi Volodimir Zelenskiy. U, shuningdek, Rossiya osmonining «bugungi kunda notinch» ekanligini «mutlaqo adolatli» deb atadi.

Foto: president.gov.ua

Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy 7 may, chorshanba kuni Kiyevning Rossiya va Ukraina o‘rtasida kamida 30 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifi o‘z kuchida qolayotganini aytdi. «Biz diplomatiyaga imkoniyat berishi mumkin bo‘lgan bu taklifni qaytarib olmaymiz», dedi u kundalik kechki videomurojaatida.

Biroq, Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, aynan Rossiya Ukraina hududiga «yangi zarbalardan boshqa javob bermayapti». Bu «urush manbasi kim ekanini hammaga imkon qadar aniq va ravshan ko‘rsatib beradi», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

«Rossiya o‘z agressiyasini to‘xtatishi kerak, ular buni qilishga majbur bo‘ladi. Bu vaqt masalasi. Urush hamma uchun, jumladan, tajovuzkor uchun ham yo‘qotishdir», — dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiy o‘z murojaatida Rossiyaning 7 may kuni Ukrainaga qilgan hujumlarini tilga olib, Rossiya osmonining «bugungi kunda beqaror» ekanligini «mutlaqo adolatli» deb atadi. Aftidan, u Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining Moskva va Rossiya Federatsiyasining boshqa hududlari yo‘nalishida amalga oshirilgan ommaviy hujumini nazarda tutgan bo‘lib, bu Rossiya aeroportlari faoliyati ishdan chiqishiga olib kelgan. Pulkovo, Domodedovo, Vnukovo, Sheremetevo, Qozon va Sochi aeroportlarida o‘nlab reyslar kechiktirildi.

Mavzuga oid