Tanqidga toqatsizlik belgisi yoxud jamoatchilikning ko‘zi qanday moylanmoqda?
Qishloq xo‘jaligi sohasiga yopishgan yana bir dard bor: OAVda chiqqan materiallarga nisbatan hokimiyat va boshqa idoralar tomonidan ko‘r-ko‘rona munosabatlar e’lon qilib, muammoni yopishga urinish. Ana shunday holatlardan biri bo‘kalik dehqonlar dardi va Toshkent viloyat hokimligi uni qanday “yopgani” misolida tahlil qilindi.

Joriy yil 16 aprel kuni Kun.uz saytida kasanachi oilalarning yerlari tortib olinayotgani, ko‘plab oilalar haq-huquqi uchun kurashishi samara bermayotgani haqida material e’lon qilingandi.
Unda Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida kasanachi ayollarga 5 yil avval 25 gektar yer bo‘lib berilgani, oilalar u yerda 100 mingdan oshiq tut ko‘chatlari o‘tqazishgani, endi esa tutzor ulardan olib qo‘yilib, auksionda sotilayotgani aytilgandi.
Joriy yil 18 aprel kuni Toshkent viloyati hokimligi matbuot kotibi hokimlikning vaziyatga munosabatini e’lon qildi.
Mazkur munosabatni Fermerlar kengashi bosh huquqshunosi Chorixon Qodirov yolg‘on, ko‘r-ko‘rona jamoatchilikni chalg‘itish deb baholaydi. Jurnalist Shokir Sharipov va Chorixon Qodirov navbatdagi tahlilda davlat tashkilotlari matbuot xizmatlarining OAVda chiqayotgan tanqidiy materiallarga ko‘r-ko‘rona yondashuvini tahlil qildi.
Sh.Sharipov: Chorixon aka, o‘tgan ko‘rsatuvda biz siz bilan birga Bo‘kadagi vaziyatni yoritgan edik – kasanachilarning yerlarini noqonuniy olib qo‘yishayotganini. Keyin bilsak, hokimiyatning o‘ziga xos “munosabati” chiqibdi...
Ch.Qodirov: Shunday. Ko‘rsatuv chiqqanidan keyin fermer xo‘jaligi nomiga hokimiyat tuhmat qilib turibdi, “belgilangan yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan tut ko‘chatlari ekkan, tuzilgan shartnoma qoidalariga amal qilmagan, yerdan boshqa maqsadlarda foydalanib kelgan”, deb. Bizning himoyamizdagi fermer xo‘jaligiga tuhmat qilingani uchun qarab turolmaymiz.
Bu fermer xo‘jaligining yeri 2019 yil 18 yanvardagi tuman hokimligining 182-sonli noqonuniy qarori bilan maqbullashtirish vaqtida noqonuniy zaxiraga olib qo‘yilgan. Bu oralikda fermer xo‘jaligi 2020 yil 3 noyabrga qadar faoliyat yuritmagan – yeri yo‘q edi. 2020 yil 17 dekabrda Toshkent viloyati ma’muriy apellyatsiya sudi qarori bilan fermerning huquqlari tiklangan. 2021 yildan boshlab fermer dalaga kirishiga ruxsat berildi. Shu oralikda fermer faoliyat yuritmagan! Ikki yil o‘tib, biz matbuot xizmatining bunaqa “munosabatini” olib turibmiz... Nima emish, “fermer fyuchers shartnomalarini bajarmagandan so‘ng javobgarlikdan qochish va o‘z xatolarini yashirish maqsadidagi xo‘jalikka qarashli yer maydonining noqonuniy tut ko‘chatlari ekilgan qismini ixtiyoriy tarzda davlat zaxirasiga topshirgan”. Yolg‘onni qarang! Tanqidiy maqolaning ta’sirini qasddan yo‘q qilib yuborishmoqchi bular.
Toshkent viloyati hokimiyatining matbuot xizmati esa Bo‘ka tumani hokimligi nima degan bo‘lsa, o‘rganmasdan, tekshirmasdan “munosabat” bildirib yuborgan.
Sh.Sharipov: Bu kabi munosabatning oqibati nima bo‘ladi?
Ch.Qodirov: Men Toshkent viloyati hokimi bo‘lganimda nima asosga ko‘ra bunday rasmiy munosabat bildirganlardan so‘rardim. Maxsus inspeksiya tuzardim. Chora ko‘rardim.
Prezident ommaviy axborot vositalarida chop qilingan tanqidiy maqolalarga nisbatan to‘g‘ri, adolatli munosabat bildirishni talab qilgan. Bugun prokuratura organlari matbuot xizmati yolg‘on xabar tarqatsa, ertaga ichki ishlar, keyin hokimliklar... Xalq kimga ishonsin? Prezident administratsiyasi kimga ishonsin?
Bunday yolg‘on axborot, yolg‘on munosabat, yolg‘on xabar berganlarga chora ko‘rish kerak. O‘rtoq Mirzayev, matbuot xizmatingiz aynan sizning yuzingiz, Toshkent viloyati hokimligining yuzi. Bitta yolg‘on rasmiy munosabat bilan butun boshli Toshkent viloyati hokimligining nufuzi tushibdi.
Toshkent viloyati prokuraturasi vaziyatni yuzaki o‘rgangan. 100 mingdan oshiq ko‘chatni o‘zining mablag‘lari evaziga besh yildan beri parvarish etib kelgan fuqarolar manfaatini kim himoya qiladi? Prokurorlik nazorati qayoqda qoldi?
Kun.uz maqolani e’lon qilib, orqasidan quvmaydi deb o‘ylashgan. Prokuratura xodimlari bu holatda o‘z xatolarini anglashi kerak: 321-qaror bilan 352-qaror orasida bir haftalik farq bor... Shu farqdan kelib chiqishi kerak. Shundagina ma’lum bo‘ladi. Bir hafta o‘tib, ro‘yxat o‘zgartirilgan. Korrupsiya alomatlari ko‘zga tashlanib turibdi.
Sh.Sharipov: Keling, masalani kengroq olamiz, bu tendensiyani kasallik desak ham bo‘ladi, “yolg‘on munosabatlar kasalligi deb”, kim bu bilan shug‘ullanishi kerak? Qanday barham beramiz bu kasallikka? Nega qo‘rqmasdan ko‘r-ko‘rona yolg‘on xabar berishyapti?
Ch.Qodirov: Bosh prokuror topshirig‘i bor: ommaviy axborot vositalarida chop qilingan har qanday tanqidiy maqolalar atroflicha o‘rganilsin va qonuniy munosabat bildirilsin, degan topshiriq, buyruq. Respublika bosh prokurorining aynan shu sohada nazorat qiluvchi bo‘limi ham bo‘lsa kerak. Ommaviy axborot vositalarida chop qilingan tanqidiy maqolaga nisbatan yuzaki munosabat bildirgan har qanday xodim tekshirilishi kerak.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Mavzuga oid

12:15 / 10.05.2025
Qishloq xo‘jaligi vazirligi go‘sht narxining oshishiga sabab bo‘lgan omillarni ma’lum qildi

20:24 / 05.05.2025
Sirdaryoda ikki yilda 20 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish rejalashtirildi

20:59 / 29.04.2025
O‘zbekistonda go‘sht yetishtirish oshgani qayd etildi

13:29 / 22.04.2025