O‘zbekiston | 11:39 / 11.05.2025
57210
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyati hokimligi Shuhrat Abdurahmonov 15 yoshli qizni zo‘rlagani aytilgan xabarga munosabat bildirdi

Internetda Andijon viloyati hokimi voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy harakatlar sodir etgani va bu bo‘yicha dalillar borligi aytib chiqildi. Viloyat hokimligi bu ma’lumotni «ig‘vogarona va shaxs sha’niga tajovuz» deb atagan.

Foto: Vikipediya

Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati Shuhrat Abdurahmonov voyaga yetmagan qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgani aytilgan xabarga raddiya berdi.

Hokimlik 9 may kuni bloger Ulug‘bek Ashur YouTube sahifasida «Andijon viloyati hokimi haqidagi kompromat bor gapmi yoki tuzoqmi?» sarlavhasi bilan e’lon qilingan videoga munosabat bildirib, videoda viloyat rahbari Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan «og‘ir va asossiz ayblovlar» keltirilganini bildirgan.

Videoda «andijonlik bir yigitda viloyat hokimining katta bir jinoyati haqida dalil borligi, unga ko‘ra, hokim bir ayol va uning 15 yoshli qiziga xonadon olib bergani, ayolni ishga ham joylagani, ammo uning qizini bir necha bor zo‘rlagani» haqida gap ketadi.

«Fuqaro ma’lumotiga asoslangan, hech qanday dalilga ega bo‘lmagan bunday postlar shaxs sha’ni, qadr-qimmati va nufuziga ochiqdan-ochiq tajovuzdir», — deyiladi hokimlik raddiyasida.

Ijtimoiy tarmoqlardagi tuhmat va haqoratlarga asos bo‘layotgan manbalar shubhali va noqonuniy ekani, bu holatga huquqiy baho berilishi qo‘shimcha qilingan.

«Ayni paytda Andijon viloyati hokimligi tomonidan ushbu asossiz ma’lumotlarni tarqatganlar va jamoatchilik ongida noto‘g‘ri fikr uyg‘otishga uringan shaxslar yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Qonunga muvofiq ravishda ularga nisbatan jazo choralari qo‘llanadi», — deyiladi xabarda.

Hokimlik jamoatchilikdan faqat rasmiy va ishonchli manbalarga tayanishni, ig‘vogarona ma’lumotlarga uchmaslikni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprel oyida tarmoqlarda Shuhrat Abdurahmonovga tegishli ekani taxmin qilingan intim video tarqalgandi. O‘shanda viloyat hokimligi video bo‘yicha prokuraturaga shikoyat arizasi yuborilganini bildirgan, videoni tarqatganlarni aniqlash va ularga chora ko‘rish bo‘yicha ishlar boshlangandi.

Mavzuga oid