O‘zbekiston | 23:27 / 12.05.2025
1664
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 30 ming dollar bilan qo‘lga tushgan sudya ishi bo‘yicha ma’lumot berildi

Oliy sud tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi boshqa sud tomonidan tayinlangan jazo muddatini kamaytirishni va’da qilib, pul olgan vaqtida ushlangan.

Illyustrativ foto

Andijonda 30 ming dollar bilan ushlangan Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisiga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Oliy sud plenumi majlisida bosh prokurorning jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi Yu.E.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi (pora berish) 3-qismi «a» bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqilib, rozilik berilgan.

Taqdimnomaga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi Yu.E. muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazo muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdordagi pullarni olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ushlangan.

«Oliy sud tomonidan sud organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimni nopok kadrlardan tozalash borasida barcha zarur sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Sudyalar oliy kengashi Yu.E.ni jinoiy javobgarlikka tortishga rozilik berilib, uning sudyalik vakolati to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga, kengash tergov siri va aybsizlik prezumpsiyasi talablaridan kelib chiqib, boshqa tafsilotlar oshkor qilinmasligini, ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat manbalarda tarqatilayotgan shu mavzudagi xabarlar bo‘rttirilgani ta’kidlagandi.

Mavzuga oid