“Haqoratlamasligim uchun sharhlovchilikka chaqirilganman” – Mirzahakim To‘xtamirzayev bilan intervyu
Efirdagi har bir jumlasi, tanlagan so‘zlari, holatlarni baholash uslubi va o‘ziga xos ovozi bilan o‘zbek tomoshabinlariga futbol zavqini ulashib kelgan Mirzahakim To‘xtamirzayevning sharhlovchilik faoliyatiga 33 yil to‘ldi. Mazkur vaqt davomida u 2500 dan ortiq futbol o‘yinlarini sharhladi. 200 ga yaqin ilmiy maqolalar yozdi, pedagogika fanlari nomzodi bo‘ldi. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda etalon sharhlovchilar, “samoga uchgan yulduzlar”, mediadan yashirilgan sportchilar haqida gapirib berdi.

Haqoratlamasligim uchun sharhlovchilikka chaqirilganman
Yoshligimizda futbol ikki tilda sharhlanardi: o‘zbekchada – Axbor Imomxo‘jayev, rus tilida – Roman Turpishev. Ikkalalari deyarli bir xil gapni aytardi, yani dastlabki sharh ikkinchi tilga tarjima qilinardi. Tinglovchi agar o‘zbekchani ham, ruschani ham bilsa, unga takroriy izohni qayta eshitish erish tuyulardi.
O‘sha paytlarda biri ikkinchisini takrorlamay, boshqacharoq ma’lumot bersa bo‘lardi-ku, deb xayolimdan o‘tkazganman, lekin sharhlovchi bo‘laman-u shu narsani o‘zim o‘zgartirman, degan intilish yo‘q edi. Bolaligimdan futbolga qiziqardim, sportga doir barcha reportajlarni qoldirmasdan ko‘rardim.
Respublika Rus tili va adabiyoti pedagogika institutini tamomlagandan so‘ng “Til va adabiyot ta’limi”, “Prepodavaniye yazyka i literatury” ilmiy-metodik jurnallari va milliy teleradiokompaniyada ish boshladim. Tahririyatda faoliyat olib borgan davrimda “Turkiston” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Ahror Ahmedov bilan futbol haqida suhbatlashib turardik. Ular bir kuni mendan O‘zbekiston chempionati va unga munosabat sifatida gazetaga maqola yozib berishimni so‘radi. Kechasi bilan qog‘oz qoralab, ertasiga 17 betli sharhni olib bordim. Muharrir maqolani o‘qib chiqib, “hammasi yangi faktlar-ku, buni qachon yozishga ulgurdingiz?” deya hayron qolgan va shu tariqa ularda Mirzahakim futbolga kuchli qiziqarkan degan tushuncha uyg‘ongan.
Ahror Ahmedov ertalab efirga uzatiladigan “Gazetalar sharhi” ko‘rsatuvida, men esa “O‘zbek tilini o‘rganamiz” turkum dasturlarida chiqardim. Televideniyeda futbol uchrashuvlaridan reportajlar ko‘paytirilayotgan vaqtda Ahror akani futbol sharhlovchiligiga taklif qilishgan. Ammo Ahror Ahmedov “men to‘g‘ri kelmayman, biznikilar ikki-uch metrdan darvozaga gol ura olmasa, o‘zimni tutib tura olmasdan, so‘kinib yuboraman” deb sharhlovchilikka borishni rad etgan. O‘zlarining o‘rniga kaminani “siz so‘kinmaysiz, o‘zingizni tutib tura olasiz” deya tavsiya qilgan. 1992 yil ularning ko‘rsatmasi bilan “Paxtakor” stadioniga borib, televideniye mas’uli Azamat Karimov bilan ko‘rishdim. Tashkiliy masalalarni tushuntirdi va sharh badiiy kengash tasdig‘idan o‘tsagina efirga uzatilishi haqida yuz-xotir qilib ogohlantirdi. Co‘ng ko‘chma televizion stansiyani stadionga olib kelib, futbol hamda uning sharhini yozib olishdi. Birinchi taymni men, ikkinchisini Azamat Karimov sharhladi. Kechki payt sharhim badiiy kengashdan muvaffaqiyatli o‘tgani va navbatdagi o‘yinlarni bitta o‘zim mustaqil sharhlashim mumkinligini xabar qilishdi. Shu tariqa sharhlovchilik faoliyatim boshlandi. Bu yo‘nalishga kirib kelishimga asosiy sabab o‘yinni kuzatish davomida haqorat va so‘kinishdan tilimni tiya olishim edi.
Nikolay Ozerov sharhlari etalon bo‘lgan
Bolaligimizda futbol sharhlovchilari kam edi, aksariyat hollarda o‘yinlarni Nikolay Ozerov sharhlardi. Uning sharhlari o‘ziga xos etalon sifatida qabul qilingan. Gruziyada Kote Maharadze, Belarusda Valdemar Novitskiy, Moskvada Vladimir Maslachenko, O‘zbekistonda Axbor Imomxo‘jayev futbol sharhlagan bo‘lsa, barchasining faoliyat mezoni Ozerovning uslubiga asoslangan edi. Nikolay Ozerov televideniyeda futbol sharhlashni san’at darajasiga ko‘targan sharhlovchi, xalq artisti va xizmat ko‘rsatgan sportchi bo‘lgan. Radioda esa sharhlovchilik maktabining poydevorini Vadim Sinyavskiy yaratgan. U Nikolay Ozerovning ustozi bo‘lgan.
Ozerovning eng ustun jihati sport voqealiklarini jonli va to‘laqonli talqinda yetkazishga intilishida edi. Kerakli joyda asosli tarzda tanqid qilgan, biroq hech qachon sportchi, murabbiy, hakam yoki trenerlarni haqoratlamagan. Afsuski, bugungi kunda bizda bu tamoyillarga har doim ham amal qilinmayapti. Ba’zida alam ustida og‘zimizdan nojo‘ya so‘zlar chiqib ketadi. Bu holatga chek qo‘yish lozim. Bir voqeani misol keltiraman, 18 yoshida jahon chempioniga aylangan hokkeychi Boris Aleksandrovning restoranda spirtli ichimlik ichayotgani tasvirga olinib, bu holat haqida gazetalarda tanqidiy maqolalar chop etiladi. Unda Aleksandrov sportchilik qoidalariga zid harakat qilgani, yoshlar uchun yomon o‘rnak bo‘lgani aytiladi. Federatsiya shu sabab bilan hokkeychini tarbiyaviy chora sifatida ikki o‘yindan chetlashtiradi.
O‘sha ikki o‘yindan keyin u yana maydonga qaytgandagi Ozerovning sharhi hech qachon yodimdan chiqmaydi. U gazetalarda yozilgan gaplarni takrorlamadi, sportchini qoralamadi va shunday dedi: “Boris ikki o‘yinni nima sababdan o‘tkazib yuborgani haqida xabaringiz bo‘lsa kerak. Umid qilamizki, bu holat yosh, iste’dodli sportchi uchun o‘ziga xos saboq bo‘ldi va u bundan hayotiy xulosa chiqardi. Boris hali-hamon terma jamoaga, o‘z klubiga, hokkey muxlislariga ko‘plab g‘alabalarni taqdim etishga qodir”, – deya sharhni davom ettirgan. Yillar o‘tib, Boris Aleksandrov bir intervyusida jurnalistning savoliga javoban “sportdan ketmasligimga va yana g‘alabalarga erishishimga sababchi bo‘lgan inson — Nikolay Ozerov. Boshqalar meni tanqid qilganida, u menga ishonch bildirdi. U mening iste’dodimga ishondi. Men aynan shu ishonchni oqlash uchun harakat qildim”, deya javob bergan… ana sizga sharhlovchilik mezoni. Bizda-chi? Bugungi sportchilardan qaysi biri biror sharhlovchimiz haqida shunday ehtirom bilan gapira oladi?
Bizning avlod xotiraga ishonib ishlagan
Avvallari futbol sharhlarini olib borgan davrimizda internet, telegram, telefon, singari hozirgidek texnologiyalar yo‘q edi. Axborotni asosan o‘zimiz yig‘ardik: o‘yinni kimdir chet elda sharhlagan bo‘lsa, uni tinglab eslab qolardik, faktlarni unutmaslik uchun yon daftarchaga yozarib qo‘yardik, yangi ma’lumotlarni to‘plash maqsadida gazetalarni varaqlardik.
Bugun bitta jamoa haqida sharh bersak, ertaga boshqasi haqida gapirishimiz kerak bo‘lardi. O‘yinlarga doir manbalarni qaytadan qidirib, to‘plab chiqishga esa vaqt yetmasdi. Shunday vaziyatlarda beixtiyor miyaga, xotiraga suyanishga majbur bo‘lardik. O‘sha davrda sharhlovchi deganda xotirasi kuchli, har bir tafsilotni eslab qoladigan odam tushunilardi. U paytlarda miyamiz kompyuterning hardi edi: o‘yin davomida zarur vaziyatda miyangizdan kerakli “fayl”ni ochib, faktlarni aytib bera olmasangiz, fursatni boy berardingiz. Masalan, o‘yin vaqtida futbolchilardan biri jarohat oldi. Shifokor yugurib keldi, o‘yin to‘xtadi. Shu lahzada sharhlovchi sifatida siz jamoalar o‘rtasidagi avvalgi uchrashuvlardan gapirib bera olsangiz, tomoshabin zerikib qolmaydi, biroq ma’lumot xotirangizda bo‘lmasa, uni qidiraman deguningizcha yiqilgan futbolchi o‘rnidan turib, o‘yin boshlanib bo‘ladi va kechikasiz. Shuning uchun, o‘yinga doir faktlarning barchasini oldindan xotiraga joylash zarur.
Ba’zida atrofdagi odamlar hazil aralash “sizlarga mazza, ikki soat davomida gapirasiz, ketasiz. Ortiqcha ish qilmaysiz” deydi. Aslida ikki soatlik sharh uchun inson yillab mehnat qiladi, o‘yinga sutkalab tayyorlanadi. Gaplar o‘z-o‘zidan quyilib kelavermaydi, hammasiga alohida tayyorgarlik kerak. Bugun texnologiyalar ishni osonlashtirdi, lekin bu holat sharhlovchining tayyorgarliksiz sharhlashga haqqi bor degani emas. Aksincha, hozirgi sharhlovchi yanada puxtaroq bo‘lishi kerak, negaki raqobat kuchli, imkoniyatlar ko‘p, tomoshabin ham avvalgiga nisbatan talabchan.
Yaxshi sharhlash uchun stadionni tinglash kerak
Futbol faqatgina ikki jamoa o‘rtasidagi jang emas, hissiyotlarga to‘la, tezkor fikrlash muhitidir. Aynan shuning uchun ham professional sharhlovchi o‘yinni nafaqat ko‘zi bilan ko‘rishi, balki qulog‘i bilan eshitib, anglashi ham zarur. Sababi stadiondagi har bir ovoz o‘yinning yashirin tafsilotidir. Yaxshi sharhlash uchun esa ana shu nozik tafsilotlarni ilg‘ab olish muhim.
Sharhlovchi nafaqat maydondagi o‘yinchilar, balki murabbiylar, zaxira o‘rindig‘idagi futbolchilar, hakamlar va hatto tomoshabinlarga ham e’tibor qaratishi zarur. Maydon chetiga o‘rnatilgan mikrofonlar orqali murabbiylarning ko‘rsatmalari yoki tomoshabinlarning reaksiyalarini bilib olish mumkin. Mazkur intershumlardan trener oldinga yurishni buyuryaptimi, orqaga qaytishni aytayaptimi, futbolchini ruhlantiryaptimi yoki tanqid qilyaptimi – navbatdagi voqeliklarni taxminlab, sharhni yanada shiddatliroq qilish mumkin. O‘yinga izoh berilayotgan vaqtda tomoshabinlarning kayfiyati ham inobatga olinishi kerak.
Sharhda bitta so‘z yoki iborani takrorlayverish tinglovchini zeriktiradi. Shu bois, sinonimlardan o‘rinli foydalanish lozim. Bunda har bir so‘zning lug‘aviy ma’nosini inobatga olish shart. Masalan, bizda “jarima to‘pi”, “burchak to‘pi” deyish odat tusiga kirgan, holbuki, bu holatlarda “zarba” haqida gap ketmoqda, to‘p emas. Bundan tashqari, “darvozabon zarbani qaytardi” degan jumla ham noto‘g‘ri. Darvozabon to‘pni qaytaradi, zarbani emas. Yana bir keng tarqalgan xato “to‘pni surdi” iborasi. Futbol maydonida to‘p surilmaydi, u tepiladi. “Surdi” iborasi ko‘proq shaxmat o‘yiniga mos.
Katta futbol yo‘qligi uchun televideniyedan ketdim
1998 yildan O‘zbekiston televideniyesida xalqaro futbol o‘yinlari to‘liq namoyish etila boshlandi. Mualliflik huquqlari sotib olinmasdan, video signallari boshqa manbalar orqali topilib, efirga uzatildi. Sharhlar o‘zbek tilida tayyorlanar, o‘yin boshlanishidan yakunigacha bo‘lgan barcha qismi to‘liq sharhlanardi. Bu holat mahsulotni “mahalliylashtirish” – ya’ni “sharh orqali materialning bir qismi o‘zimiznikiga aylandi” degan qarash shakllanishiga sabab bo‘lgan. Natijada efirga uzatilgan kontentning 50 foizdan ortig‘i o‘zbek televideniyesiga tegishli deb hisoblangan. Shu asosda xalqaro futbol namoyishi davom ettirildi. Biroq 2014 yil bahorida mualliflik huquqining buzilishi haqida rasmiy ogohlantirish keldi: efir rasmiylashtirilmasdan davom ettirilsa, katta miqdorda jarima solinishi aytilgan. O‘shanda televideniye rahbariyati futbol translatsiyalarini to‘xtatishni ma’qul ko‘rdi. Xuddi shu yili Chempionlar ligasi yarimfinal bosqichining bir javob uchrashuvini men va Murod Rizayev sharhladik. Ertasi kuni Davlat Turdaliyev va Davron Fayziyev birgalikda ishlashi, so‘ng finalni sharhlash rejalashtirilgan edi. Ammo bu ish amalga oshmadi.
Orada orqa fonga videoni qo‘yib, studiyada tahlil qilish shaklida o‘yinni izohlash taklifi berildi. Bir-ikki marta shunday uslub sinab ko‘rildi, ammo bu ham tezda tanqidga uchradi. Shundan so‘ng katta o‘yinlar sharhini to‘xtatdik va yangi mavsum boshlanishi — ya’ni kuzni kutdik: Yevropa futbol mavsumi va Jahon chempionati efirga uzatiladi degan umid bo‘lgan. Biroq 2014 yilda o‘tkazilgan Braziliyadagi Jahon chempionati ham rasmiy tarzda sotib olinmadi. Efirni to‘ldirish uchun Polsha birinchi ligasida 14 va 16-o‘rinda turgan jamoalarning o‘yinlarini ham sharhlashga to‘g‘ri keldi. Natijada haqiqiy futbol efirdan yo‘qoldi. Yangi yilgacha kutdik, lekin mablag‘ topilmadi. 2015 yil yanvar oyida televideniyedan ketdim, eng asosiy sabab — katta futbolning yo‘qligi edi.
Shu orada “Bunyodkor” klubida matbuot kotibi lavozimida ishlay boshladim. Klub rahbari Baxtiyor Boboyev to‘liq stavkada ishlashni taklif etdi va shu yerga o‘tdim. 2018 yil dekabriga qadar "Uzreport" telekanalida futbol ko‘rsatuvlarini sharhladim. Orada "O‘zbekiston futboli" gazetasining bosh muharriri sifatida faoliyat olib bordim. 2022 yil Qatarda Jahon chempionati o‘tkazilgan vaqtda o‘zbekcha sharhlar nafaqat sport kanali, balki boshqa mahalliy kanallarda ham efirga uzatildi. Taklifga binoan men ham o‘yinlarni sharxlashda ishtirok etdim — jami 30 o‘yinni sharhladim va bir nechta ko‘rsatuv tayyorladim. O‘tgan yili Yevropa chempionatini “Zo‘r tv”da o‘zbek tilida Xayrulla Hamidov, Davron Fayziyev va Alisher Uzoqov sharhladi, rus tilidagi barcha o‘yinlarni esa bir o‘zim sharhladim.
Prezident "sportchilaringni ko‘zdan yashir" degan
2012 yilgi London olimpiadasida O‘zbekiston sportchilari kutilgan natijalarni ko‘rsata olmaganidan so‘ng rahbariyatni yangilash qarori qabul qilindi. Natijada 2012 yil dekabrida Mirabror Usmonov Milliy Olimpiya qo‘mitasi prezidentiga aylandi. Mirabror aka o‘z atrofiga sportga chin dildan sodiq bo‘lgan, halol va fidoyi yosh mutaxassislarni jamladi. Jumladan, Oybek Qosimov bosh kotib etib tayinlandi, Farhod Turdiyev esa prezidentning birinchi o‘rinbosari lavozimini egalladi. Jamoa sportdagi yangi davrni boshlab berdi. Yil sayin erishilayotgan natijalar buni tasdiqlay boshladi. Sportchilarimizning sharoitlarini yaxshilash, ularni moddiy rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratildi. Ayniqsa, sportchilarni qo‘llab-quvvatlovchi maxsus jamg‘arma tashkil qilinib, stipendiyalar joriy etildi. 2016 yil boshida biz "Olimp sari" nomli kitob tayyorlab, uni prezident Islom Karimovga taqdim etdik. Shundan so‘ng, prezident tomonidan "olimpiadada nechta medal olasizlar?" deb savol qo‘yildi. O‘sha davrgacha o‘tkazilgan xalqaro musobaqalar, jahon chempionatlari va reyting baholarini hisobga olgan holda 12 medal olishimiz mumkinligi aytildi.
Yoz boshlarida Vazirlar Mahkamasida Rio Olimpiadasiga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirildi. Mirabror Usmonov asosiy ma’ruzachi bo‘lishi kerak edi. Bajarilgan ishlar haqida nutq o‘rniga yarim soatlik hujjatli film tayyorlashni buyurdi. Filmda sportchilar holati, yo‘lga qo‘yilgan tizim batafsil yoritildi. Tayyor bo‘lganidan so‘ng prezidentga taqdim qilindi. Islom Abdug‘aniyevich yana bir bor: “nechta medal olasizlar?” deb so‘radi. Javob aniq edi: “o‘n ikkita.” Shundan keyin sobiq davlat rahbari “agar shu gap rost bo‘lsa, boshqa majlis qilishga hojat yo‘q. Hamma yig‘ilish-u, rasmiy tadbirlarni olimpiadadan keyin o‘tkazaverasizlar. Ko‘z degan narsa bor. Hozircha barcha sportchi va trenerlarni ko‘zdan uzoqlashtirib, mediaga chiqarmay turinglar” deganini Mirabror Zufarovich yig‘ilishdan chiqib ta’kidlagandi. O‘shandan keyin olimpiada o‘tguncha sportchilar televideniye va intervyularga umuman chiqarilmagan. Olimpiada natijasi esa barchani hayratda qoldirgan: 13 ta medal, kutilgan raqamdan bittaga ko‘p. 3 medal bilan 13 medal orasidagi farq juda katta. Bu – sportdagi keskin o‘sish, yangi tizim samarasining isboti edi. Biz sportchilarni kutib olishga katta tayyorgarlik ko‘rayotgandik, davlat rahbari Islom Karimovning sog‘ligi yomonlashgani haqida xabar tarqalgandan keyin barcha marosimlar kichik miqyosda o‘tkazildi.
Shu davrda biz bir haqiqatga amin bo‘ldik: agar sportga e’tibor kuchaysa, mablag‘lar oqilona ishlatilsa, tizim ishlasa, yutuqlar albatta bo‘ladi. Tokio olimpiadasini istisno qilamiz, chunki pandemiya butun dunyo sportiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ammo Parij-2024da yana 13 ta medal, undan 8 tasi oltin bo‘ldi. Shunday ekan, navbatdagi Olimpiadada kuchli o‘nlikka kirish endi biz uchun faqat orzu emas, balki real maqsaddir.
Intervyuning to‘liq holda Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operatorlar: Boymirza Halilov, Abdulloh Hasanov, Ziyaddin Mammatjonov,
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov.
Mavzuga oid

16:50 / 21.04.2020
Sharhlovchi xolis bo‘lishi kerakmi?

18:32 / 15.12.2018
Mirzahakim To‘xtamirzayev sharhlovchilik faoliyatiga qaytdi

20:05 / 01.12.2017
"Haqiqiy jang!": sharhlovchi bolalar o‘rtasidagi o‘yinda hissiyotlarga berildi

15:40 / 08.10.2017