Jahon | 19:47 / 13.05.2025
1559
2 daqiqa o‘qiladi

Misrda 5 nafar o‘zbekistonlik mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani uchun ushlandi

Ulardan biri Misrda qonuniy asosda bo‘lib turganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganidan so‘ng qo‘yib yuborilgan.

Foto: AFP/Getty Images

Qohiradagi politsiya bo‘limlarida Misrda bo‘lib turish qoidalarini buzgan o‘zbekistonliklar hibsda saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi xabar berdi.

So‘nggi vaqtlarda Misrda bo‘lib turgan ko‘plab xorijliklar, jumladan, ta’lim olish maqsadida kelganlarga nisbatan mahalliy huquqni himoya qilish organlari tomonidan ularning mamlakatda qonuniy yashashlari yuzasidan faol tekshiruv tadbirlari amalga oshirilayotgani kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, elchixona vakillari tomonidan Qohira shahri Nasr shaharchasida joylashgan mas’ul politsiya bo‘limlariga qo‘shimcha tashriflar va muloqotlar amalga oshirilgan. 13 may holatiga ko‘ra, ko‘plab xorijliklar qatorida 5 nafar o‘zbekistonlik mamlakatda bo‘lish qoidalarini buzgani sababli ushlab turilgani aniqlandi.

Shu bilan birga, 1 nafar O‘zbekiston fuqarosining Misr hududida qonuniy asosda bo‘lib turganini tasdiqlovchi aniq hujjatlari taqdim etilganidan so‘ng vaqtincha saqlash markazidan chiqarishga erishilgan. Qolgan fuqarolarning holati yuzasidan mahalliy qonunchilik doirasida o‘rnatilgan tartibda huquqiy baho berilishi va qaror qabul qilinishi ta’kidlanmoqda.

Elchixona tomonidan tegishli tezkor huquqiy yordamni amalga oshirishni ta’minlash maqsadida bu kabi tekshiruv tadbirlari davomida ushlangan fuqarolar yuzasidan elchixonaga kechiktirmasdan ma’lum qilish tavsiya etiladi (bog‘lanish ma’lumotlari: +20233364516, +20233361723 va Telegram: @shtabegypt).

Shuningdek, O‘zbekiston elchixonasi vatandoshlardan Misrda bo‘lish qoidalariga qat’iy amal qilishlari lozimligini ta’kidladi, ulardan mamlakatda bo‘lish va harakatlanish davomida shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar, yashash uchun ruxsatnoma (iqoma) yoki talabalik kartalarini (universitet, institut va h.k.) doim o‘zi bilan birga olib yurishlarini so‘radi.

Mavzuga oid