O‘zbekiston va Eron o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 mlrd dollarga chiqarmoqchi
Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi delegatsiya Eronda bo‘ldi. Uchrashuvlarda transport-logistikadagi ko‘p yillik muammolarni zudlik bilan hal etish zarurligi qayd etildi. Tovar ayirboshlashni 2 mlrd dollarga yetkazish muhokama qilindi. Biznes forumda 1 mlrd dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi.

Foto: O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati
Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi 11−12 may kunlari rasmiy tashrif bilan Eronda bo‘ldi, deb xabar qildi Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati.
11 may kuni Tehronda O‘zbekiston va Eron hukumatlari delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, unga Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif rahbarlik qildi.
Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish istiqbollarini muhokama qildi, shuningdek, transport-logistika sohasidagi ko‘p yillik muammolarni zudlik bilan hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarurligini qayd etdi.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilari sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, mamlakatlar hududlari aro aloqalarni faollashtirish, ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shu bilan birga, turizm, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhim ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagilar imzolandi:
- O‘zbekiston va Eron o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi»
- Imtiyozli savdo bitimining tovarlar ro‘yxatini tasdiqlash bayonnomasi
- O‘simliklar himoyasi va karantini sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi
- Halol standart sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Eron birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Orif O‘zbekiston-Eron biznes forumining ochilishida ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 500 mln dollarga yetgani, qo‘shma korxonalar soni 210 tadan oshgani qayd etildi.
Forumda hamkorlik salohiyati tahlil qilinib, yangi o‘sish nuqtalari belgilandi. 1 mlrd dollarlik loyihalar va savdo shartnomalari portfeli shakllantirildi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov o‘z nutqida qatnashchilar e’tiborini mamlakatda biznes muhitini yaxshilash, xorijiy sarmoyadorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralariga qaratdi. Hukumat rahbari eronlik ishbilarmonlarni Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlaridan keng foydalanishga taklif etdi.
Mavzuga oid

11:50
AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalarni e’lon qildi

20:32 / 12.05.2025
Tehronda Eron prezidenti O‘zbekiston delegatsiyasini qabul qildi

16:27 / 12.05.2025
O‘zbekiston va Eron imtiyozli savdo bitimi bo‘yicha tovarlar ro‘yxatini kelishib oldi

13:31 / 12.05.2025