O‘zbekiston | 19:09 / 14.05.2025
5409
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xavfsizlik xizmatining koll-markazi ishga tushirildi

Jismoniy va yuridik shaxslar 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish orqali DXXga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi aytilmoqda. Tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlar javobgarlikka tortiladi.

Foto: Freepik

Davlat xavfsizlik xizmati vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor ravishda qabul qilish maqsadida Koll-markaz faoliyat yurita boshladi.

Qayd etilishicha, bu «Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq DXX vakolatlariga kiritilgan masalalar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini tezkor ravishda qabul qilish maqsadida ishga tushirilgan. Koll-markazga 1520 qisqa raqami orqali qo‘ng‘iroq qilish mumkin.

Xususan, quyidagi masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinadi:

  • O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga bo‘lgan tajovuzlar haqida;
  • davlat chegarasi qo‘riqlanishi va himoya qilinishiga bo‘ladigan tahdidlar;
  • Qurolli kuchlar va mudofaa-sanoat majmuasida davlat xavfsizligiga bo‘ladigan tahdidlar;
  • terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoiy guruhlarga oid;
  • qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga doir jinoyatlar haqida;
  • davlat manfaatlariga tahdid soluvchi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar yuzasidan;
  • milliy, etnik va diniy adovatni targ‘ib etish;
  • davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga doir boshqa axborotlar.

Shu bilan birga, Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasida (jinoyat ishining tergovga tegishliligi) belgilab qo‘yilgan va tergovi DXX vakolatiga kiritilgan Jinoyat kodeksining 150-163- (tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar, O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar), 182- (bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish), 223- (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekistonga kirish), 246-moddalarida (kontrabanda) nazarda tutilgan jinoyatlarga doir masalalar yuzasidan murojaatlar qabul qilinadi.

Ta’kidlanishicha, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 38-moddasiga asosan mazkur qonunni buzganlik, xuddi shuningdek, tuhmat va haqoratdan iborat murojaat berganlik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.

«Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi», — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid