Tramp Qatar bilan 1,2 trln dollarlik iqtisodiy hamkorlik bitimini tuzdi
Hamkorlik doirasida Qatar AQSh mudofaa kompaniyalaridan harbiy texnikalar, shuningdek, Boeing kompaniyasidan 200 mlrd dollarga 160 ta samolyot xarid qiladi.

Foto: Reuters
AQSh prezidenti Donald Tramp Qatar rahbariyati bilan 1,2 trillion dollarlik iqtisodiy hamkorlik bitimini imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, gap, xususan, mudofaa sohasida hamkorlik haqida ham ketmoqda. AQSh ma’muriyatining ma’lum qilishicha, imzolangan bitimlar «Amerikani yangi Oltin davr yo‘liga olib chiqadi».
«Bugun prezident Donald Tramp Qatarda mamlakat rahbariyati bilan 1,2 trillion dollardan ortiq iqtisodiy hamkorlik bitimini imzoladi», — deyiladi xabarda.
Oq uyning hisoblashicha, ushbu bitimlar «kelajak avlodlar uchun innovatsiyalar va farovonlikni ta’minlaydi, Amerika ishlab chiqarish hamda texnologik yetakchiligini mustahkamlab, mamlakatni yangi Oltin asr sari yo‘naltiradi».
Shuningdek, tomonlar quyidagi masalalar yo‘nalishlar bo‘yicha kelishuvga erishgan:
- Qatar AQShning ikkita yetakchi mudofaa kompaniyasidan harbiy texnikalarni xarid qiladi;
- Qatar Raytheon mudofaa kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan dronlarga qarshi kurashish bo‘yicha Raytheon Fixed Site – Low, Slow, Small Unmanned Aerial System Integrated Defeat System (FS-LIDS) tizimlarining birinchi xalqaro buyurtmachisiga aylanadi;
- Qatar 2 milliard dollarga Amerikaning General Atomics kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan MS-9B uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlarini xarid qiladi.
Bundan tashqari, Qatar Airways aviakompaniyasi Boeing konserni bilan 160 ta samolyot sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. AQSh prezidenti Donald Trampga ko‘ra, ushbu bitim 200 milliard dollarga baholanmoqda.