“Baxti Tashkentskiy”ning odami ekani aytilgan shaxs 8 yilga qamaldi
Qidiruvga berilib, Rossiyadan ushlab kelingan 34 yoshli Hasan Shofayziyev tovlamachilik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topildi. Sud hukmida u Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li Bekzod Zafarov bilan birgalikda Samarqand viloyatida yashovchi fuqarodan qozog‘istonlik shaxsning qarzini “ko‘cha usuli”da undirishga harakat qilgani keltirilgan.

Toshkent shahrida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan Hasan Shofayziyev tovlamachilik jinoyati bilan ayblanib, jinoiy jazoga tortildi. Sud hujjatida u Baxtiyor Qudratullayevga aloqador shaxs ekani aytiladi.
Kun.uz o‘rgangan sud hukmida keltirilishicha, Hasan Shofayziyev “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li Bekzod Zafarov bilan o‘zaro yaqin munosabatlarga kirishgan. U Baxtiyor Qudratullayev tomonidan Samarqand viloyatiga “polojyenets” qilib tayinlangan shaxs rahbarlik qilayotgan uyushgan guruhga qo‘shilgan. Guruh a’zolari Samarqandda “ko‘chani qo‘lga olib”, noqonuniy ravishda boylik orttirishni maqsad qilgan va tovlamachilik harakatlarini sodir etib kelgan.
Jumladan, guruh a’zolari Samarqand shahrida yashovchi M.B. qozog‘istonlik Murod ismli shaxsdan 10 ming AQSh dollari miqdorida qarz ekanini bilib, M.B.dan ushbu pulni “ko‘cha yechimi” orqali undirib olishga harakat qilgan. Shundan so‘ng, Bekzod Zafarovning topshirig‘i bilan jinoiy guruh vakillari Jomboy tumani Beshbola mahallasidagi fermer xo‘jaligi hududida M.B. bilan uchrashib, unga nisbatan zo‘rlik ishlatgan. Ular M.B.ni o‘zlari boshqarib kelgan Epica’ga mindirib, Bulung‘ur tumanidagi oshxonaga olib borgan.
Guruh vakillari o‘sha yerda M.B.ga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazishgan: boshiga shisha idish bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Shu tariqa uni qo‘rqitib, Muroddan qarz bo‘lgan 10 ming dollarni berishni talab qilishgan. Jabrlanuvchi puli yo‘qligini aytgach, undan dastlab 500, keyin 1 200 dollar olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.
Hasan Shofayziyev sudda aybiga iqror bo‘lmagan va bu jinoyatga aloqasi yo‘qligini aytgan.
“Bekzod Zafarov bilan 2019 yilda tanishganman. 2022 yil bahor faslida Bekzod yonimga kelib, “o‘zimni yaxshi his qilmayapman, sehr-joduga uchraganga o‘xshayman. Samarqand shahrida bir yaxshi domla topgan edim, shuning oldiga birga borib kelaylik. Hozirda yonimda pulim yo‘q, lekin mashina bor, benzin quyib bersang birgalikda borib kelardik. Sen ham bir ushbu domlaga ko‘rinib olarding” deb iltimos qildi. Men rozi bo‘ldim. Lacetti mashinasida Bekzod va haydovchi bilan birgalikda Samarqand shahriga bordik. U yerda bizni Bekzodning tanishi, o‘zini Sanya deb tanishtirgan shaxs kutib oldi. Shu kuni Sanyani birinchi marotaba ko‘rdim”, degan Hasan Shofayziyev suddagi ko‘rsatmasida.
Shuningdek, u o‘sha kuni Samarqandda mehmonxonaga borishganini, bu yerga M.B. olib kelinganini aytgan.
“M.B.dan “Aka, nima bo‘ldi, tinchlikmi?” deb so‘radim. U qozog‘istonlik bir shaxsdan 2 ta “kran” sotib olganini, ulardan birining pulini bera olmaganini aytdi. Unga shu zahoti “Sizning Bekzoddan qarzingiz bormi? Nima sababdan u sizga jaxl qilyapti?” deb so‘radim. M.B. Bekzoddan umuman qarzi yo‘qligini aytdi. M.B.ga qarzi bo‘lmasa ketaverishini aytdim. Shunda Bekzod menga “Nima sen o‘zingni “pravang”ni kachat qilyapsan” deb jahl qilib qoldi. Shunda unga M,B.ga nisbatan noto‘g‘ri ish qilayotganini, Samarqandga yaxshi niyatda kelganimni aytdim. Suhbatimizni eshitgan Sanya “Sen nimaga bratanning o‘g‘liga tashlayapsan, o‘zingni bosvol” dedi. So‘ngra ushbu muammolarga aralashishni xohlamasdan, hamma bilan xayrlashib, mehmonxonadan chiqib ketdim”, degan Hasan Shofayziyev sudda.
JIB Uchtepa tuman sudining hukmi bilan Hasan Shofayziyev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “v” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2024 yil 19 iyuldagi hukmi bilan Baxtiyor Qudratullayev, Bekzod Zafarov va guruhning boshqa vakillari ozodlikdan mahrum qilingan.
Mavzuga oid

11:22 / 07.09.2024
Baxtiyor Qudratullayev (“Baxti Tashkentskiy”)ga oid ish apellyatsiya instansiyasida ko‘rilayotgani ma’lum bo‘ldi

15:00 / 19.07.2024
“Baxti Tashkentskiy” ishida 6 kishi o‘ta xavfli retsidivist deb topildi

11:14 / 19.07.2024
Baxtiyor Qudratullayev 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi

19:45 / 16.07.2024