Jahon | 19:31
975
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 17 kishi halok bo‘ldi

Yong‘in ko‘p qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan do‘kondagi qisqa tutashuvdan kelib chiqqan.

Foto: english.publictv.in

Hindistonning Haydarobod shahrida yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 17 kishi, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘ldi, deb xabar beradi ANI agentligi.

«Yong‘in erta tongda boshlandi, Telangana hukumati o‘t o‘chirish xizmati voqea joyiga yetib bordi. Ular barchani qutqarishga urindi. Ammo alanga juda keng joyga tarqalgan edi. Bino ichida bo‘lgan odamlarning aksariyati halok bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in turar joy binosining birinchi qavatida joylashgan marvarid do‘konidagi qisqa tutashuvdan kelib chiqqan. Do‘kon bir qavat yuqorida yashagan oilalardan biriga tegishli bo‘lgan. O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga yetib kelgan, ammo olovni tezda o‘chira olmagan.

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi. Rasmiylar kompensatsiya to‘lashga qaror qilgan: halok bo‘lganlarning qarindoshlariga 2,3 ming dollardan, jabrlanganlarga 580 dollardan pul beriladi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oxirlarida Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida joylashgan mehmonxonalardan birida yuzaga kelgan yirik yong‘in oqibatida o‘ndan ortiq odam halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid