Iqtisodiyot | 22:11 / 20.05.2025
1143
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda go‘sht narxi oshishiga qaysi omillar ta’sir qilyapti?

Markaziy bankka ko‘ra, qo‘shni davlatlardagi cheklovlar va import narxlarining oshishi O‘zbekistonda go‘sht qimmatlashishiga ta’sir o‘tkazgan. Xususan, 2025 yilning dastlabki 4 oyida 1 kg import qoramol go‘shtining o‘rtacha bahosi 4,07 dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 3,89 dollarga teng bo‘lgan. Shuningdek, oxirgi 7 oyda yem-ozuqa narxlari ham keskin oshib ketgan.

Foto: Getty images

O‘zbekistonda go‘sht narxlarining oshishiga qo‘shni davlatlardagi eksport cheklovlari ham ta’sir qilgan. Bu haqda Markaziy bankning «Pul-kredit siyosati sharhi»da keltirib o‘tilgan.

«Qo‘shni mamlakatlardagi go‘sht eksportiga qo‘yilgan cheklovlar natijasida go‘sht taklifi kamayishi, shuningdek, import narxlari oshgani ichki narxlar ham o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Mart oyida go‘sht mahsulotlari narxi 6,1 foizga o‘sib, yillik hisobda 21,6 foizga yetdi», deyiladi MB sharhida.

O‘zbekistonga go‘sht importi

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonga 197 mln dollarlik go‘sht mahsuloti import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (118,5 mln dollar) 66 foizga ko‘p.

Hisobot davrida O‘zbekistonga 156,2 mln dollarlik 38,3 ming tonna qoramol go‘shti olib kirilgan. Bunda 1 kg go‘shtning o‘rtacha bahosi 4,07 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3,89 dollarga teng bo‘lgan.

Ozuqa narxi ham keskin qimmatlashgan

Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2025 yilning I choragida go‘sht narxining oshishiga ta’sir qilgan omillardan biri sifatida yem-ozuqa, elektr energiyasi va yoqilg‘i–moylash materiallari ham qimmatlashganini keltirib o‘tgandi.

«Chorvachilikda go‘sht yetishtirish uchun kuchli ozuqaga bo‘lgan talab yuqoriligi, ozuqa yetishtirish uchun yer maydonlari yetishmasligi tufayli chorva mollarining ozuqa bilan ta’minlanish darajasining 35-40 foizini tashkil etmoqda. 2024 yil oktyabr oyidagi narxlar bilan solishtirilganda, bugungi kunda shrot narxi 3 ming so‘mdan 7 ming so‘mga, sheluxa 2 800 so‘mdan 4 ming so‘mga, omuxta yem 2 900 so‘mdan 3 700 so‘mga, bug‘doy 2 200 ming so‘mdan 3 500 ming so‘mga, makkajo‘xori silosi 500 so‘mdan 900-1 000 so‘mga, somon 15 ming so‘mdan 25 ming so‘mga, beda esa 25 ming so‘mdan 45 ming so‘mga oshgan. Ozuqa xarajatlari, mehnatga haq to‘lash va elektr energiyasi xarajatlarining oshishi ham go‘sht tannarxiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotganini alohida ta’kidlash zarur», deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi izohida.

Oxirgi yetti oy ichida shrot narxi 2,3 barobarga, sheluxa 43 foizga, omuxta yem 28 foizga, bug‘doy 59 foizga, makkajo‘xori silosi qariyb 2 barobarga, somon 67 foizga, beda esa 80 foizga qimmatlashgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonda 2,9 mln tonna go‘sht (tirik vaznda) yetishtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 3,9 foizga ko‘p. O‘z navbatida go‘sht yetishtirish 2023 yilda 2,8 mln tonnani, 2022 yilda esa 2,7 mln tonnani tashkil etgan. Ya’ni aholi iste’mol qiladigan go‘shtning asosiy qismi mamlakat ichkarisida yetishtiriladi.

Mavzuga oid