Jahon | 17:07
2797
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Ukraina mojarosini diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga chaqirdi

O‘zbekiston prezidenti 21 may kuni Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy sammitida nutq so‘zladi.

Shavkat Mirziyoyev 21 may kuni Vengriya poytaxti Budapeshtda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) norasmiy sammitida nutq so‘zladi.

«Bugungi sammitimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tmoqda. Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining kuchayishi barchamiz uchun katta sinov bo‘lmoqda. Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan ham muhimdir. Ta’kidlash lozimki, biz eng og‘riqli muammolarga xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim topish zarur, deb hisoblaymiz», deb so‘z boshladi O‘zbekiston rahbari.

Shavkat Mirziyoyev Ukrainadagi mojaroning diplomatiya yo‘li bilan hal etilishini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

«Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz... G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki «Ikki xalq uchun – ikki davlat» tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas. Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z yuritar ekanmiz, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda yechim topishimiz lozim. Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi», dedi Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident kun tartibidan kelib chiqib, o‘z takliflarini bildirdi.

«O‘tgan yili «Turkiy davlatlar o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida»gi bitimni ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik. Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman.

Oldimizda aniq vazifa turibdi – yaqin yillarda o‘zaro savdo ulushini keskin ko‘paytirish lozim. Shu maqsadda «Turk-treyd» onlayn platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini ilgari suramiz.

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha” hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqiraman. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Turkiy investitsiya jamg‘armasining faoliyati sarmoyalar oqimining faollashuviga turtki berishi shubhasiz. Biz innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish uchun qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur, deb hisoblaymiz. Bu borada mamlakatlarimizning investitsiya imkoniyatlarini to‘liq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali”ni joriy etish maqsadga muvofiqdir.

Yana bir masala. Canoat kooperatsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish vaqti keldi. Bu borada kimyo, energetika, tog‘-kon, yengil sanoat, farmatsevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida salmoqli ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini ishlab chiqishni taklif etaman.

Yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xalqaro iqlim forumida “yashil” taraqqiyot sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha muhim takliflar bildirildi», dedi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban tashabbusi bilan Budapeshtda TDT Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti o‘z ishini boshlaganini e’tirof etdi. Mazkur institut faoliyatiga ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb etish uchun «Qurg‘oqchilik va ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishni taklif etdi.

«Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan, barchamizning faxr-iftixorimiz bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifadir. Shu bois ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish niyatida «Turkiy dunyo xartiyasi»da «Ilmdan o‘zga najot yo‘q» degan yuksak axloqiy g‘oyani muhrlab qo‘ydik. Ushbu ezgu maqsad yo‘lida Toshkentda Turkiy davlatlar xalqaro universiteti ochilmoqda. Mazkur o‘quv dargohida turkiy davlatlarning yetuk professor va olimlari faoliyat olib borishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yosh avlodning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, ularning zamonaviy bilimlarni egallashiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman», dedi prezident.

Shu bilan birga, Mirziyoyev Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida turk olimi, bioximik, Nobel mukofoti sovrindori, Aziz Sanjar Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofot bilan taqdirlanganini e’lon qildi.

Mavzuga oid