Jamiyat | 18:52 / 21.05.2025
3716
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida uyida yo‘lbars boqib kelgan shaxs aniqlandi

Shuningdek, uning xonadonidan 7 ta yo‘lbarssimon piton iloni ham topilgan. Yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Toshkent tumanida yashash xonadonida Amur yo‘lbarsini saqlab kelgan fuqaro aniqlandi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi, Bosh prokuratura, viloyat IIB hamda Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.

Reyd davomida Toshkent tumani «Tutzor» MFYda yashovchi Sh.A. tomonidan yashash xonadonida noqonuniy ravishda 1 dona Amur yo‘lbarsi va 7 ta yo‘lbarssimon piton iloni saqlanayotgani aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining «Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2025 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslar tomonidan ko‘plab yovvoyi hayvonlarni tutqunlikda saqlash hamda sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlangan.

Ma’lum qilinishicha, xonadonda aniqlangan yovvoyi hayvonlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan. Bosh prokuratura tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda.

Avvalroq Toshkent shahri va viloyatida to‘rtta sher noqonuniy boqib kelingani aniqlangan edi.

Mavzuga oid