Jamiyat | 19:58 / 21.05.2025
20545
4 daqiqa o‘qiladi

Yaypanda shunday oshxona bor: Osh salat, non va choyi bilan 8 ming, sho‘rva esa 10 ming so‘m

Farg‘ona viloyatining Yaypan shahrida bir oshxona borki, ovqat narxining arzonligi bo‘yicha O‘zbekistonda yagona desa ham bo‘ladi. Bir kosa palov bor-yo‘g‘i 8 ming so‘m. Shakarob, non va choyi bepul. Bir kosa sho‘rva esa non va choyi bilan atigi 10 ming so‘m. Taomlari arzonligidan bedanalar sayrab turadigan shinam va fayzli tamaddixonadan odam arimaydi. Ba’zi vaqtlari mijozlar ko‘pligidan bo‘sh joy topib bo‘lmaydi. Yemakxonaga bir kunda 3 mahal keladigan odamlar ham bor.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mo‘’jazgina oshxonani 40 yillik oshpaz Qurbonali To‘xtaboyev ochgan. Oilada 12-farzand bo‘lgan Qurbonali aka avvaliga o‘zi yashaydigan xonadonda ish boshlagan. Mijozlari ko‘payib ketgach, avtoshohbekat qarshisidan ijaraga joy olib, yangi binoga ko‘chadi. Tez orada narxi arzon va ancha mashhur bo‘lgan oshxona el og‘ziga tushadi. Bir kosa osh bundan 8 yil avval 3,5 ming so‘m bo‘lgan ekan.

Qurbonali To‘xtaboyev

“Ko‘pchilik guruch, yog‘, sabzi qimmatlab ketdi, nega osh narxini ko‘tarmadingiz, deb ko‘p so‘rashadi. Bugun qimmatlagan mahsulot narxi qachondir tushib qolar, deb ovqatlarim narxini ko‘tarmaganman, ko‘tarmayman ham. Bozordagi narx-navoning ko‘tarilishi men uchun ahamiyatsiz.

Ozgina topganim barakali. 1 kg sabzi narxi 16 ming so‘mga chiqqanida ham osh narxini ko‘tarmadim. Ishchilarimning uyida qora qozoni qaynayapti. Odamlarni rozi qilsam deyman. Eng muhimi shu. Kimdirda bor pul boshqalarda yo‘q bo‘lishi mumkin-ku.

Arang ro‘zg‘or tebratayotganlar ham bordir? Buni odamlarning yuzidan o‘qib olaman. Allohga shukrki, 8 minglik oshimdan yeb odamlar duo qilib ketishadi. Shuning o‘zi men uchun katta narsa.

Ishimni juda yaxshi ko‘raman. Turmush o‘rtog‘im ham men bilan birga ishlaydi. Ishchilarimga maosh, oshxona egasiga ijara haqi to‘layman. Umuman jami xarajatlardan tashqari bir-ikki so‘m daromad ham topaman. Ko‘pchilik oshxonamizni atrofdan eshitib, narxlariga ishonqiramay atay ko‘rgani kelishib, oshimizdan yeb ketishadi. Faoliyatim tufayli ko‘pchilik taniydi, hurmat qiladi.

Bir kunda 3 mahal keladigan mijozlarim ham juda ko‘p. Atay choydan ichgani ham keladiganlar talaygina. Choyingiz juda mazali deb qo‘yishadi. Mazaliligi sababi tong sahar soat 4:00 da kelib idishlarga suv solib, tagiga o‘t yoqaman. O‘tin to shomgacha o‘chmaydi.

Kuniga 30 kg qoraqiltiriq guruchidan osh damlayman. Guruch kilogrammini 30 ming so‘mdan sotib olaman. Ertalab soat 7:00 da osh pishib tayyor bo‘ladi. Eng oldi mijozlarim esa soat 6:00 dan kelishni boshlaydi.

Yoshi ulug‘ otaxonlarga aka, kichiklarni ukajon deb, hurmatini joyiga qo‘yib kuzatib qo‘yishga astoydil harakat qilaman. Iloji boricha ularning ko‘nglini olishga harakat qilaman”, – deydi 53 yoshli Qurbonali To‘xtaboyev.

Yoshi ulug‘ otaxonlar masjidda juma namozini o‘qib bo‘lib yana Qurbonali akaning choyxonasiga kelib gurung qilishni boshlashdi. Kimdir palov yegan, kimdir sho‘rva ichgan, yana kimlardir esa atay choy ichishga kelgan. Otaxonlar oshpaz haqiga duo qilishardi.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid