O‘zbekiston | 22:49 / 22.05.2025
1687
4 daqiqa o‘qiladi

21 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekistonda shifokorlarning maoshlari oshiriladi, «chiroyli» avtoraqam 722 mln so‘mga sotildi, 1 iyundan mehmonxonalarga MyID bilan kirish mumkin bo‘ladi, Lyublyanada Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shifokorlarning maoshlari oshiriladi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan tuman (shahar)larda, 2026 yil 1 yanvardan Samarqand viloyatining barcha tuman va shaharlarida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli joriy qilinadi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida tibbiyot birlashmalari negizida sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi.

Shuningdek, oilaviy poliklinikalarda tibbiyot xodimlari faqat to‘liq stavkada faoliyat yuritishi belgilandi.

Oilaviy poliklinikadan 10 kilometrdan uzoq masofada joylashgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi uchun tibbiyot xodimlarining sayyor tibbiy xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

Tajriba-sinov loyihasi doirasida sayyor tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot xodimlariga oylik lavozim maoshi yoki bazaviy tarif stavkasining 50 foizi miqdorida ustama to‘lanadi. Bundan tashqari, tuman va shahar markaziy shifoxonalarida shifokorlarning oylik lavozim maoshlari – 20 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlarining oylik lavozim maoshlari – 10 foiz miqdorida oshiriladi.

«Chiroyli» avtoraqam 722 million so‘mga sotildi

O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining elektron savdo platformasida o‘tkazilgan navbatdagi onlayn auksionlar natijasida jami 697 dona avtoraqam sotildi.

Sotilgan avtoraqamlarning katta qismi — aniqrog‘i 644 tasi jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan. Qolgan raqamlar esa yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan.

Savdo platformasida eng past narxda xarid qilingan avtoraqam qiymati 1 million 900 ming so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, 20 may kuni eng yuqori narxda sotilgan «chiroyli» avtoraqam 722,3 million so‘mga baholangan.

Mazkur summa 2025 yil boshidan buyon qayd etilgan eng yuqori narxga aylandi.

Mehmonxonaga MyID bilan kirish mumkin bo‘ladi

«2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

2025 yil 1 iyundan boshlab turizm sohasidagi barcha davlat elektron tizimlari va platformalari Turizmning yagona milliy platformasi doirasida ishlab chiqiladi.

Bunda joylashtirish vositalarini platforma orqali band qilayotgan O‘zbekiston fuqarolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz MyID tizimida identifikatsiyadan o‘tish ruxsat etiladi.

Shuningdek, platformaga ulangan joylashtirish vositalarining shaxsiy kabinetida mehmonlarni QR-kod yoki yuzni tanish tizimi orqali identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Lyublyanaga bordi

Bugun Lyublyanadagi Kongress maydonida Sloveniyaga rasmiy tashrif bilan borgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbarini Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar samimiy kutib oldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saflandi. Harbiy orkestr O‘zbekiston va Sloveniya davlat madhiyalarini ijro etdi.

Ikki mamlakat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolari bilan salomlashdi.

Rasmiy marosimdan so‘ng «Zvezda« bog‘ida urush qurbonlari xotirasiga hurmat hamda tinchlik va insonparvarlik g‘oyalariga sadoqat ramzi sifatida Barcha urushlar qurbonlari yodgorligiga gul qo‘yildi.

Mavzuga oid