Jamiyat | 17:17
3372
6 daqiqa o‘qiladi

3 yoshli jiyanini 3 ta tilda gapirtirgan yigit: miya sirlarini o‘rganayotgan Jamshidbek hikoyasi

Namanganlik Jamshidbek Izzatullayev hozir 19 yoshda. 2025 yil boshida u AQShning Vanderbilt universitetidan to‘liq grant yutdi. Mazkur OTM endi uning 4 yillik o‘qish xarajatlarini qoplash uchun 372 ming dollar mablag‘ ajratadi. Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Jamshidbek universitetni to‘g‘ri tanlash, hujjat topshirish jarayonlari hamda inson miyasi ishlashini erta yoshdan o‘rganish orqali qanday natijalarga erishish mumkinligi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Jamshidbek Izzatullayev Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 58-ixtisoslashtirilgan maktabda ta’lim olgan. 9-sinfni tamomlab, o‘qishini poytaxtga ko‘chirgan. Viloyatdagi o‘quv muassasasida undan boshqa hech kimda 7,5 balli IELTS sertifikati yo‘qligi sabab u o‘zini atrofdagilardan bilimdonroq deb hisoblagan. Toshkentga kelib yuqori salohiyatli tengdoshlarini ko‘rganidan keyin til o‘rganish bilan birga bazaviy fanlar bo‘yicha qo‘shimcha bilimlarni ham o‘zlashtirmaganidan afsuslangan. Raqobatbardosh muhit o‘smirga o‘zining komfort zonasidan chiqib, yanada ko‘proq izlanish uchun turtki bo‘lgan.

Poytaxtdagi maktabning menga bergan eng katta foydasi faqatgina sifatli darslik va malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlagani emas, balki eng bilimli yoshlarni bir joyga to‘plaganida bo‘ldi. Ushbu ta’lim dargohida IELTS’dan 8-8,5 ball olganlar, 3-4 tadan tilni biladiganlar, fizika, biologiya kabi fanlardan xalqaro olimpiadalar g‘olibi bo‘lganlar bor ekan. Ularning natijalari oldida mening ko‘rsatkichlarim juda kichikdek tuyula boshladi, ayni shu sabab katta, yangi maqsadlar qo‘ydim va o‘z ustimda kuchliroq ishlaydim”, – deydi u.

2023 yilda maktabni tamomlagan Jamshidbek 2 yil davomida top oliygohga o‘qishga kirish uchun tayyorlanadi. Bu jarayonda unga eng qiyin kechgan bosqich SAT’dan yuqori ball olish bo‘lgan. U imtihonni 8 marta qayta topshirib, eng yuqori ballarning jamlanishi (superscore) hisobida 1520 ball to‘playdi.

SAT ko‘rsatkichlarimni yaxshilaguncha 3 yilga yaqin vaqtim ketdi. Birinchi marta imtihondan 1370 ball olgan bo‘lsam, sakkinchisidan keyin umumiy ballim 1520 ga ko‘tarildi. Yuqori natija ko‘rsata olmaganligimning asosiy sababi ko‘p kitob o‘qimaganligimda. SAT – oddiygina bilim testi emas, u sizning tahliliy fikrlash qobiliyatingizni sinaydi. Aynan Reading bo‘limidagi savollarga javob topish uchun lug‘at boyligi bilan bir qatorda kontekstni anglash, muhim fikrlarni ajratish, muallif pozitsiyasini tushunish talab etiladi. Bunday malaka esa faqat ko‘p o‘qish orqali shakllanadi”, – deydi Jamshidbek Izzatullayev.

Jamshidbek umumiy o‘rta talimni bitirgan dastlabki yilida AQShning Templ universitetiga qabul qilingan. Mazkur oliygohga kirish oson bo‘lib, hujjat topshirish jarayonida insholar va SAT sertifikati talab qilinmagan. Shu sabab universitetdagi ta’lim sifati qoniqarli bo‘lmasligini taxmin qilib, u yerda o‘qishini davom ettirmagan. Keyingi yil ham qator nufuzli oliygohlarga hujjat topshirib, 15 ta universitetdan rad javobini olgan. Yana bir yil o‘z ustida qattiq ishlab, yuqori reytingli universitetga kirishni maqsad qilgan. Bu orada Jamshidbek dasturchilik kurslarini tamomlagan, ammo ish topa olmagan.

Dasturchilik bo‘yicha hech qaysi kompaniya ishga olmaganidan so‘ng mazkur yo‘nalishda tajribamni orttirish uchun mustaqil loyihalar qildim. Biroq ular ham muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Buning asosiy sababi tajribasizlik qilib, ustozlarimdan yetarlicha yordam va maslahat olmaganimda bo‘ldi deb o‘ylayman. Natija yuqori bo‘lmagani uchun dasturchilikka qiziqishim asta-sekin so‘na boshladi.

O‘sha vaqtlarda “Health” (Sog‘lik) nomli 600 betlik kitobni o‘qidim va shu orqali miya ilmi hamda erta yoshdagi ta’limni o‘rganishga qiziqishim ortdi. O‘zbekcha manbalardan miya ilmi haqida fakt va ma’lumotlarni topa olmadim. Mazkur terminning o‘zi ham so‘zlashuvda deyarli qo‘llanmaydi. Universitetlarda nevrologiya bo‘limi va fanlari bor, ammo bu fan hamda miya ilmi umuman boshqa-boshqa narsalar. O‘zbekistonda ushbu soha keng o‘rganilmagan. Uni tadqiq etish orqali erta yoshdan boshlab bolalarga tasavvur qilganimizdan ko‘proq narsani o‘rgatishimiz mumkin ekan. Sohadagi istiqbollarni ko‘ra olganim uchun miya ilmi kuchli o‘qitiladigan Vanderbilt universitetiga hujjat topshirdim va 2025 yil boshida oliygohdan 372 ming dollarlik to‘liq grantni yutdim”, – deydi u.

Jamshidbekning ta’kidlashicha, Vanderbilt universiteti neyropsixologiya, bolalar ongi va erta yoshdagi ta’limni chuqur o‘rganishga ixtisoslashgan. U yerda miya faoliyatini tahlil qilish, miyaning kognitiv (bilish), emotsional va xulq-atvorga ta’siri bo‘yicha chuqur tadqiqotlar olib boriladi.

Intervyu mobaynida Jamshidbek 3 yoshli jiyaniga qanday qilib 3 ta tilda gaplashishni o‘rgatgani, o‘zi asos solgan tadqiqotchilar jamiyati, miya ilmi bo‘yicha o‘zbek tiliga tarjima qilayotgan kontentlari haqida gapirib berdi.

Suhbatni to‘liq holda Kun.uz’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operator: Abdulloh Hasanov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov

Mavzuga oid