Iqtisodiyot | 14:41
3680
4 daqiqa o‘qiladi

5,5 mlrd dollarlik oltin sotuvi, keskin oshib borayotgan gaz eksporti – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

2025 yilning 4 oyida O‘zbekiston 199 mln dollarlik gaz eksport qilib, 150 mln dollarlik importni amalga oshirdi. Gaz sotish 85 foizga oshgan bo‘lsa, sotib olish 3 barobarga kamaygan. Hisobot davrida 5,5 mlrd dollarlik oltin sotildi. Bu umumiy eksportning 46 foizini tashkil etadi. 

Foto: Getty images

2025 yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 24,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 3 mlrd 443 mln dollarga yoki 16,3 foizga ko‘p.

Bunda eksport hajmi 11,88 mlrd dollar (+35,1 foiz), import hajmi esa 12,73 mlrd dollar (+2,9 foiz) bo‘lgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 846 mln dollargacha qisqargan. 

Hisobot davrida tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Xitoy (17 foiz), Rossiya (15,1) Qozog‘iston (5,7 foiz), Turkiya (3,4 foiz) va Janubiy Koreya (2,4 foiz) bilan qayd etilgan.

MO mamlakatlari bilan savdo hajmi

Oxirgi yillarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan o‘zaro savdo hajmida pasayish kuzatilyapti. Xususan, 2023 yil va 2025 yillikning yanvar-aprel oylarida bu ko‘rsatkich (mln dollar hisobida) quyidagicha o‘zgargan:

Dastlabki 4 oylikda yirik hamkor davlatlardan Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Litva bilan ham savdo aylanmasi miqdori qisqargan. Xitoy, Afg‘oniston, Fransiya, Germaniya, Hindiston, BAA kabi davlatlar bilan esa umumiy savdo hajmi sezilarli miqdorda oshgan.

Eksport

Hisobot davrida 5 mlrd 481 mln dollarlik (+60,1 foiz) oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 46,1 foizini tashkil etadi. Shuningdek, eksport tarkibida sanoat tovarlari (10,1 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar (5,6 foiz), kimyoviy vositalar (5,1 foiz), mineral yoqilg‘ilar (3,5 foiz) va turli xil tayyor buyumlar (3,4 foiz) ham sezilarli ulushga ega bo‘lgan.

Tashqi savdo aylanmasida tovarlar va xizmatlar eksporti bo‘yicha asosiy hamkorlar Rossiya (10,2 foiz), XXR (5,1 foiz), Afg‘oniston (3,5 foiz), Qozog‘iston (3,4 foiz), Turkiya (2,8 foiz), Fransiya (2,6 foiz), BAA (1,5 foiz), Tojikiston (1,3 foiz), Qirg‘iz Respublikasi (1,2 foiz) va Pokiston (1,1 foiz) kabi davlatlar bo‘lgan. Ularning umumiy eksportdagi ulushi 32,7 foizni tashkil etadi.

Mamlakat ichida gaz tanqisligi bilan bog‘liq vaziyat mavjudligiga qaramay eksport oshishda davom etyapti. Yanvar-aprel oylarida 199 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 85 foizga ko‘p. Bundan tashqari, 145 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari (-18,8 foiz), 72 mln dollarlik elektr toki (+29,6 foiz) eksporti ham amalga oshirilgan.

Hisobot davrida qariyb 90 mln dollarlik avtomobil va uning ehtiyot qismlari sotilgan. Bu 2024 yilga nisbatan 23,6 foizga kam.

Import

Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari (33,9 foiz), sanoat tovarlari (16,3 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (13 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan. Umumiy importning 2/3 qismi 7 ta davlatdan amalga oshirilgan:

  • Xitoy – 28,1 foiz;
  • Rossiya – 19,6 foiz;
  • Qozog‘iston – 7,8 foiz;
  • Janubiy Koreya – 4,5 foiz;
  • Turkiya – 3,9 foiz;
  • Germaniya – 3 foiz;
  • Hindiston – 2,7 foiz.

Gaz importi keskin qisqargan. Hisobot davrida150 mln dollarlik gaz sotib olingan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning atigi 34,8 foizini tashkil etadi. Shuningdek, avtomobil olib kirish ham sezilarli darajada qisqarib ketgan. Jumladan, yanvar-mart oylari davomida 964 mln dollarlik (-18,6 foiz) mashina import qilingan.

Mavzuga oid