Shavkat Mirziyoyev Sloveniya prezidenti bilan birga qo‘shma biznes forumda ishtirok etdi
O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarining e’tiborini mamlakatda Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkiga qaratdi. Shavkat Mirziyoyev Sloveniya kompaniyalarini ushbu maxsus zonaning birinchi rezidentlari bo‘lishga taklif qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Lyublyana shahriga tashrif doirasida Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakatning 100 dan ortiq yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari va vakillari qatnashdi.
Sloveniya delegatsiyasi KRKA, Duol, Emo Frite, Panvita, Medex, Tajfun Planina, Altado, UVC Solutions, Riko va boshqa ko‘plab kompaniyalardan iborat bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi oliy darajadagi samarali muzokaralar O‘zbekiston-Sloveniya munosabatlarida, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.
Jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab davrda o‘zaro savdoni ko‘paytirish, kooperatsiya ko‘lamini kengaytirish va milliy iqtisodiyotlarni diversifikatsiya qilish uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish muhim ekani qayd etildi.
O‘zaro tovar yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini, shu jumladan to‘qimachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, mis, farmatsevtika mahsulotlari, texnologik uskunalar va yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa tovarlar hisobidan ko‘paytirish orqali yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 500 million yevroga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston prezidenti iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi. Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, elektrotexnika jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni saqlash va qayta ishlash, "yashil" energetika obektlarini qurish va modernizatsiya qilish shular jumlasidan.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni, shu jumladan Sloveniyaning «Koper» porti imkoniyatlaridan foydalanish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish orqali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tartib ishbilarmonlik, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisi uchrashuv ishtirokchilarining e’tiborini mamlakatda Yevropa kompaniyalari uchun tashkil etilayotgan maxsus sanoat parkiga qaratdi. U Sloveniya kompaniyalarini ushbu maxsus zonaning birinchi rezidentlari bo‘lishga taklif qildi.
Davlat rahbari Sloveniya ishbilarmon doiralari O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qiziqish bildirib, aniq taklif va rejalarini ilgari surganlarini yuksak baholadi.
Yakunda prezidentlar huzurida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy bitimlarni almashish marosimi bo‘ldi.
Mavzuga oid

20:38 / 22.05.2025
Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya bosh vaziri Robert Golob qo‘shma bayonotni imzoladi

20:02 / 22.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Sloveniya bosh vaziri Robert Golob bilan uchrashdi

16:57 / 22.05.2025
O‘zbekiston prezidenti ilk bor Sloveniyaga tashrif buyurdi

23:10 / 21.05.2025