Jahon | 22:38 / 22.05.2025
2405
10 daqiqa o‘qiladi

Tramp Oq uyda JAR prezidentini «oqtanlilar genotsidi» ayblovi bilan kutib oldi

Tramp va Ramafosa uchrashuvi tinch boshlandi, biroq, keyinchalik afrikanerlar – Janubiy Afrikadagi golland va fransuz ko‘chmanchilarining oqtanli avlodlari «genotsidi» masalasi asosiy mavzuga aylandi.

Foto: Chip Somodevilla/Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp 22 may kuni Oq uydagi Oval kabinetda Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) prezidenti Siril Ramafosani qabul qildi. Ko‘plab televizion tarmoqlarda namoyish etilgan uchrashuv oqtanli janubiy afrikaliklarga qarshi «genotsid» haqidagi obro‘sizlantiruvchi da’volar tufayli tezda bahsga aylandi, deb xabar berdi BBC.

Ikki prezident o‘rtasidagi uchrashuv tinch boshlandi: Tramp va Ramafosa AQSh prezidentining asosiy qiziqishlaridan biri bo‘lgan golfni muhokama qildi. Ramafosa, shuningdek, Trampga Janubiy Afrikadagi golf maydonlari aks etgan 14 kilogrammli kitobni olib kelganini aytdi. Shu bilan birga u Trampga pandemiya davrida yordam bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.

Biroq vaziyat juda tez o‘zgardi: suhbatga Trampning maslahatchisi, milliarder Ilon Mask qo‘shildi va asosiy mavzu afrikanerlar – Janubiy Afrikadagi golland va fransuz ko‘chmanchilarining oqtanli avlodlari «genotsidi» masalasiga aylandi.

Donald Tramp Oval kabinetda yig‘ilganlarga bir nechta videoni ko‘rsatdi. Ulardan biri janubiy afrikalik muxolif siyosatchi Julius Malema haqida edi. U «burni otib tashla» misrlarini o‘z ichiga olgan qo‘shiqni ijro qildi. Janubiy Afrikada oq fermerlar «bur» deb ataladi. Ikkinchi video, ta’kidlanishicha, oqtanli fermerlar dafn etilgan joylar haqida edi.

«Bu dahshatli manzara, men hech qachon bunaqasini ko‘rmaganman», dedi Tramp video ijro etilayotganda.

AQSh prezidenti, shuningdek, o‘ldirilgan janubiy afrikalik oqtanlilarning fotosuratlarini ham ko‘rsatdi.

Oval kabinetda bo‘lgan BBC muxbiri kenja Bernd Debusman so‘zlariga ko‘ra, aftidan Tramp bu uchrashuvga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rgan va Ramafosa tuzoqqa tushib qolgan.

Voqea ko‘pchilikka fevral oyi oxirida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan bo‘lgan uchrashuvni eslatdi, unda ham kutilmagan hodisa yuz bergan edi.

Foto: Reuters

Keskin va ayblovchi ritorikaga qaramay, Siril Ramafosa matbuot anjumani oxirigacha o‘zini xotirjam tutdi.

Dafn qilingan joy videosini ko‘rsatish chog‘ida Janubiy Afrika prezidenti bu lavha qayerda suratga olinganini so‘radi va buni ilgari hech qachon ko‘rmaganini ta’kidladi. U, shuningdek, Julius Malemaning ritorikasini qoralab, muxolifatdagi siyosatchining bayonotlari va harakatlari o‘z mamlakati rasmiy pozitsiyasini aks ettirmasligini ta’kidladi.

Ramafosa Janubiy Afrika demokratik davlat bo‘lib, u yerda odamlar o‘z fikrini erkin bildirish huquqiga ega ekanligini qo‘shimcha qildi. Prezident mamlakatda jinoyatchilik muammosi borligini, ammo oqtanlilar ham, qoratanlilar ham qotillik qurboniga aylanishini qo‘shimcha qildi.

Siril Ramafosa yig‘ilishda Janubiy Afrikaning yagona vakili emas edi. U so‘zni delegatsiyaning boshqa a’zolariga berdi. Masalan, fermerlar bilan bog‘liq vaziyatni qishloq xo‘jaligi vaziri Jon Stenxeyzen izohladi, janubiy afrikalik milliarder va biznesmen Yohan Rupert jinoyatchilik mavzusida gapirdi.

Qizig‘i shundaki, AQSh tomonidan uchrashuvda Trampning eng yaqin ittifoqchilari - vitse-prezident Jyeyms Vens va mudofaa vaziri Pit Hegset qatnashdi, ammo ular bahsga aralashmadi. Ilon Mask ham jim turdi va agar Tramp unga ishora qilmaganida, e’tibordan chetda qolishi mumkin edi: «Ilon shu narsani xohlayapti», dedi AQSh prezidenti. Biroq, u oqtanli janubiy afrikaliklarning kamsitilishi mavzusiga Maskni jalb qilishni istamasligini aytdi, chunki «bu adolatdan emas».

Foto: Reuters

Donald Tramp bilan tushlik qilgandan so‘ng Ramafosa Oq uyni tark etdi (Zelenskiy bilan bo‘lgan mojaroli uchrashuvdan keyin tushlik o‘tkazilmay qolgan edi). Ramafosa jurnalistlarga Tramp bilan yopiq eshiklar ortidagi uchrashuv «juda yaxshi» o‘tganini aytdi. AQSh prezidenti uni «tushundimi» degan savolga Ramafosa «ha» deb javob berdi.

BBC muxbiri kenja Bernd Debusman so‘zlariga ko‘ra, bu Oq uyga tashrif bo‘yicha ssenariylarning eng yomoni bo‘ldi

Xorijiy rahbarlar Oval kabinetda ochiqchasiga ziddiyatga borishni istamaydi, ammo bugun aynan shunday bo‘ldi, deb hisoblamoqda jurnalist.

Trampning ehtiyotkorlik bilan uyushtirgan pistirmasi Ramafosa va Janubiy Afrika delegatsiyasini noqulay ahvolga soldi: ular diplomatiyani saqlab qolishga uringan holda o‘zini himoya etishga majbur bo‘ldi.

Bu juda qiyin vazifa edi va Janubiy Afrika delegatsiyasi fevral oyida Zelenskiy shu yerda bo‘lganida yuz bergan voqeani albatta esda tutdi. Shu vaqtda Ukraina rahbarining e’tiroz bildirishga urinishlari vaziyatni yanada og‘irlashtirdi - uni jurnalistlar oldida «dardini dasturxon qilishda» ayblashdi.

Bugun janubiy afrikaliklar uchun Ramafosa va Trampning dunyo kameralari oldida baland ovozda bahslashmagani, ehtimol, ijobiy holatdir.

AQSh - Janubiy Afrika munosabatlari

Foto: JIM WATSON/AFP via Getty Images

BBC nashrining ta’kidlashicha, uchrashuv arafasida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlik cho‘qqisiga chiqqan edi.

Trampning Ramafosa bilan uchrashuvida Janubiy Afrikada tug‘ilgan va yaqinda o‘z vatani haqida nomaqbul fikrlarni bildirgan maslahatchi Ilon Mask ham qatnashdi.

Tramp va Maskning ta’kidlashicha, afrikanerlar — golland va fransuz ko‘chmanchilarining oqtanli avlodlari genotsid nishoniga aylangan. Shu oyda AQSh hukumati o‘z yurtida zo‘ravonlik va kamsitishlardan qochganini aytgan 59 nafar oqtanli janubiy afrikalikni namoyishkorona tarzda qochqinlar deb tan oldi.

Janubiy Afrika hukumati genotsid ayblovlarini qat’iyan rad etadi, bu ayblovlar mustaqil tarzda tasdig‘ini topmagan. Hukumatdan mustaqil bo‘lgan Janubiy Afrika sudlarida bu ayblovlar isbotlanmagan. Janubiy Afrikadagi siyosiy partiyalarning hech biri, shu jumladan afrikanerlarning ovozlariga tayanadigan partiyalar ham genotsid ayblovini ilgari surmagan.

«Biz janubiy afrikaliklar, qora va oq tanlilar, genotsid yo‘qligini hammamiz bilamiz», dedi Ramafosa o‘tgan hafta ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan videoda. «Biz genotsid bilan shug‘ullanmaymiz. Biz hech kimga nisbatan nafrat, qasos yoki zo‘ravonlik harakatlarini qilmaymiz».

Tashrif oldidan Ramafosa jurnalistlarga o‘zining AQSh prezidenti bilan uchrashuvi ehtimoliy savdo va sarmoyaviy bitimlarga, shuningdek, «mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi munosabatlarni mustahkamlashga» qaratilganini aytdi.

Ramafosa qiyin sinovga duch keldi

BBC nashrining ta’kidlashicha, Janubiy Afrika prezidenti uchun murakkab muammolarni hal qilish masalasi begona emas. 1990-yillarning boshida u Nelson Mandelaning Afrika Milliy Kongressi (ANC) tarkibida oqtanli ozchiliklar hukmronligini tugatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan.

Va bu uning siyosatchi sifatidagi uzoq yillik faoliyatidagi yagona mas’uliyatli daqiqa emas. U taniqli muzokarachi hisoblanadi. Siril Ramafosa Vashingtonga dunyoning eng qudratli rahbari bilan buzilgan munosabatlarini tiklash maqsadi bilan bordi, bu uning faoliyatidagi eng og‘ir sinovlardan biri bo‘lishi mumkin.

Foto: AFP

«Savdo aloqalari — eng muhimi, bu bizni bu yerga olib kelgan masala. Biz Qo‘shma Shtatlardan haqiqatan ham yaxshi savdo kelishuvi bilan ketmoqchimiz. Biz ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashni istaymiz», dedi Ramafosa Vashingtonga borganidan keyin.

Ramafosa tashrifi arafasida Tramp va uning jamoasi g‘ayrioddiy tarzda sukut saqladi. Hatto Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt ham bo‘lajak uchrashuv haqida ma’lumot berishdan bosh tortdi yoki hatto tashrif yuz berishini ham tan olmadi.

Tramp yana nimadan norozi?

Oq uyga qaytganidan beri Donald Tramp Janubiy Afrikani oqtanli fermerlarga nisbatan «dahshatli» munosabatda bo‘lganlikda ayblab kelmoqda. Fevral oyida u Qo‘shma Shtatlar «ayrim toifadagi odamlarga nisbatan JUDA YoMON munosabatda bo‘lgani» sababli mamlakatga yordamni to‘xtatishini aytdi.

O‘tgan yili fermer xo‘jaliklarida 12 ta qotillik sodir etilgan, deb xabar berdi AP Janubiy Afrika politsiyasi statistikasiga tayanib. Halok bo‘lganlarning biri fermer, qolganlari qishloq xo‘jaligi ishchilaridir.

AP ma’lumotlariga ko‘ra, ulardan hech birining irqiga urg‘u berilmagan, ammo hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, oqtanli fermerlar Janubiy Afrikadagi xususiy yerlarning 3/4 qismiga egalik qiladi.

Oq uy, shuningdek, Janubiy Afrikaning 2024 yilgi ekspropriatsiya to‘g‘risidagi qonunini ham tanqid qilgan. Bu qonun hukumatga foydalanilmayotgan yerlarni qayta taqsimlashda jamoatchilik manfaati mavjud bo‘lgan ayrim hollarda kompensatsiyasiz olib qo‘yish imkonini beradi.

Janubiy Afrika prezidenti fevral oyida uning hukumati hech qachon yerni hech kimdan tortib olmaganini, shunchaki yangi qonunlar orqali odamlarning yerga teng va adolatli egalik qilishini ta’minlashga urinayotganini aytdi.

Mavzuga oid