«Avtooyna» MChJ va «Yoshlik» sport majmuasi sotildi. Xaridorlar kim?
Avtomobillar uchun oyna ishlab chiqaruvchi «Avtooyna» MChJ xususiylashtirildi: zavodni 200,5 mlrd so‘mga Uet Invest sotib oldi. Shuningdek, 2024 yilgacha Milliybank tasarrufida bo‘lgan «Yoshlik» sport majmuasi 297,9 mlrd so‘m evaziga Kapitalbank egaligiga o‘tdi.

Foto: avtooyna.uz
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Avtooyna» MChJ va Toshkentdagi «Yoshlik» sport majmuasi xususiylashtirilganini e’lon qildi.
Davaktivga ko‘ra, avtomobillar uchun oyna ishlab chiqaruvchi «Avtooyna» zavodidagi davlat ulushini sotib olishga 8 ta kompaniya qiziqish bildirgan, lekin ulardan faqat 4 tasi majburiyatga ega takliflar yo‘llagan. Xususiylashtirish jarayoniga konsultant sifatida «Portfolio Investmens» jalb etilgan.
Yakunda 200,5 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Uet Invest» MChJ savdo g‘olibi deb topilgan.
«Aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida saqlab qolish, mahsulotlarning lisenziati bo‘lgan “General Motors” kompaniyasi (AQSh) tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchi bilan texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya kelishuvlariga va General Motors texnologiyalari bilan bog‘liq texnologik jihozlardan foydalanish yuzasidagi «Bosh Alyans» kelishuvida o‘rnatilgan talablar hamda boshqa tegishli kelishuv va cheklovlarga qat’iy rioya qilish kabi shartlar xaridor tomonidan qabul qilingan», deyiladi Davaktiv xabarida.
Shu bilan birga, «Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 31-moddasida belgilangan imkoniyatdan foydalangan holda xaridor tomonidan sotib olish to‘lovining dastlabki 35 foizi 1 oy davomida amalga oshirilishi kerak.
Xaridor – «Uet Invest» MChJ 2024 yilning yanvar oyida Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi – fondlar va trastlarni boshqarish. Ustav fondi – 52 mln so‘m. Kompaniyaning qariyb 77 foiz ulushi Ortiqboyev Xurdiyor Baxtiyor o‘g‘liga, qolgan 23 foizi «UET Construction» MChJga tegishli. Korxona rahbari sifatida Hayot Bahodirovich Fayziyev ko‘rsatilgan.
2023 yil aprel oyida ro‘yxatga olingan UET Construction'ning ta’sischilari – G‘ofurov Xafizjon Anvarovich (63 foiz) va Haydarxonov Akmalxon A’zamjon o‘g‘li (37 foiz).
Davaktiv ma’lumotiga ko‘ra, «Uet Invest» elektr energiyasi, qayta tiklanadigan energiya, sanoat obektlari, yo‘llar, nasos stansiyalari, aeroportlar, ko‘priklar, ko‘chmas mulk va fuqarolik infratuzilmasi kabi sohalarda loyihalash, xarid qilish va qurilish xizmatlarini ko‘rsatuvchi «UET Construction» kompaniyasi asoschisi ishtirokida yaratilgan. 2024 yil yakunlariga ko‘ra kompaniyaning sof foydasi qariyb 300 milliard so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq, «UET Construction» Chirchiq metall tuzilmalar zavodini 39,9 mlrd so‘mga sotib olgandi.
«Yoshlik» sport majmuasi

Toshkentdagi «Yoshlik» sport majmuasidagi davlat ulushi ham sotildi. Majmuani boshqaruvchi «Invest Group Centre» MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini «Kapitalbank» 297,9 mlrd so‘mga xarid qildi.
Bitimga ko‘ra, «Kapitalbank» to‘lovni bir oy ichida to‘liq amalga oshirishi shart. Shuningdek, sport majmuasining amaldagi faoliyat yo‘nalishi kamida 10 yil davomida saqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, xaridorga sport majmuasi hududida yangi binolar qurish taqiqlandi. Faqat rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari shaharsozlik kengashi ruxsati bilam amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, «Yoshlik» sport majmuasi 2024 yilga qadar «Milliy bank» tasarrufida bo‘lgan.
Mavzuga oid

16:52 / 07.05.2025
Noshaffof xususiylashtirishlar. Bu yana davom etadimi?

17:21 / 30.04.2025
Toshkentning Shayxontohur tumani hokimligi binosi sotuvga qo‘yildi

20:36 / 28.04.2025
Bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlaridan samarali foydalanish tashkil etiladi

23:15 / 26.04.2025