O‘zbekiston | 15:01
671
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Singapur o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin

Uzbekistan Airports kompaniyasida xalqaro yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish va O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini rivojlantirish tadbirlari doirasida dunyoning yetakchi havo "xab"laridan biri – Singapurning Changi aeroporti vakillari bilan amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Dunyo

Muzokaralar chog‘ida Toshkent va Singapur o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni ochish istiqbollari muhokama qilindi. Singapur Changi Airport vakillari ushbu yo‘nalishni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirgan holda, Singapur sayyohlik kompaniyalarining O‘zbekistonga jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladilar.

Toshkent aeroportining asosiy tranzit markazi sifatidagi roliga alohida e’tibor qaratildi. Changi aeroporti vakillari Toshkentning Yevropa shaharlari bilan keng yo‘nalishlar tarmog‘i O‘zbekiston poytaxtini Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yo‘lovchilar oqimi uchun strategik muhim nuqtaga aylantirishini qayd etdilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar kelgusida hamkorlikka tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Logistika, marketing qo‘llab-quvvatlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovini yo‘lga qo‘yish uchun zarur bo‘lgan tartib-qoidalar bilan bog‘liq masalalarni ishlab chiqish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.

Mavzuga oid