Jahon | 00:12
6935
3 daqiqa o‘qiladi

Yer qarida ulkan oltin zaxiralari borligi aniqlandi

Yer yuzasidagi barcha qimmatbaho metallarning 99 foizi aslida sayyora yadrosida joylashgan. Ruteniy, oltin, platina va boshqa qimmatbaho metallar aslida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yadrodan ko‘tarilib chiqayotgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Havayi orollarida Yer yadrosidan otilib chiqqan qimmatbaho metallarga boy vulqon jinslari topildi, deb yozmoqda Nature. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu safar gap platina guruhiga kiruvchi kamyob metall — ruteniy haqida bormoqda. Uning mo‘lligi esa boshqa qimmatli moddalarning, jumladan, oltinning ham ulkan zaxiralari mavjudligidan darak beradi.

Geologlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Yer yuzasidagi barcha qimmatbaho metallarning 99 foizi aslida sayyora yadrosida joylashgan bo‘lib, faqat 1 foizi mantiyaga va qobiq qatlamiga tarqalgan. Buning sababi — ushbu metallarning og‘irligi va zichligida. Sayyora shakllanish bosqichida gravitatsiya eng og‘ir elementlarni markaz — yadroga tortgan.

Aynan shuning uchun Yer yadrosi metall tarkibga ega. U Pluntondek keladigan (2,4 ming kilometr) qattiq ichki yadro va 2,2 ming kilometrli suyuq tashqi qismdan iborat. Aynan shu suyuq yadroda metallarning harakati elektr toki hosil qiladi, bu esa o‘z navbatida Yerning kuchli magnit maydonini vujudga keltiradi. Ushbu magnit maydon sayyorani kosmik nurlanishlardan ko‘rinmas qalqon kabi himoya qiladi.

Shu paytgacha olimlar Yer litosferasida saqlanayotgan nisbatan kichik qimmatbaho metall zaxiralari sayyora ichki tuzilmasining — yadro, mantiya va qobiqning noaniq tarzda ajralgani natijasi deb hisoblab kelishgan. Bu jarayon planetar differensiallashuv deb ataladi.

Endi esa olimlarning xulosasiga ko‘ra, ruteniy, oltin, platina va boshqa qimmatbaho metallar aslida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yer yadrosidan ko‘tarilib chiqayotgan bo‘lishi mumkin. Ular minglab kilometr masofani bosib o‘tib, yer yuzasiga chiqadi — bu jarayon «mantiya ko‘tarilishi» deb nomlanadi.

Bu tashqi yadro va mantiya chegarasida hosil bo‘ladigan o‘ta qizigan magma ustuni bo‘lib, u yuqoriga vertikal oqim tarzida harakat qiladi. Aynan shunday kuchli oqim o‘z bosimi bilan Afrika kontinental plitasini pastdan «yorib o‘tmoqda», bu esa mashhur Sharqiy Afrika yorig‘ining paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Mazkur geologik jarayon tufayli Afrika materigining katta qismi asta-sekin asosiy qit’adan ajralmoqda.

Bu kabi jarayon hozirda Tinch okean plitasi ostida, Havayi orollari hududida sodir bo‘lmoqda. Geologlar fikricha, aynan mana shu mantiyaviy «ko‘tarilishlar» millionlab yillar oldin butun Havayi arxipelagini yuzaga keltirgan — orollar asosan bazaltdan, ya’ni qotgan lavadan iborat.

Ruteniy va volfram elementlari Kauai va Kamaeuakanaloa orollarining jinslarida aniqlangan. Tadqiqotchilar bu metallarning aniq Yer yadrosidan chiqqanini ta’kidlaydi: ularning atom tuzilmasi bundan dalolat beradi. Chunki yadrodagi moddalar izotop tarkibi jihatidan mantiyadagilardan farq qiladi.

Mavzuga oid