Jamiyat | 17:31 / 04.05.2015
7245
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent markazidagi axlat “tog‘”i (fotoreportaj)

Toshkent shahrining eng ko‘rkam, eng obod manzillaridan bo‘lmish Matbuotchilar ko‘chasi va uning atrofi kishida o‘zgacha shukuh, o‘zgacha yoqimli kayfiyat uyg‘otadi. Bu yerni bemalol, beistihola Toshkentning gavhari deyish mumkin.

Bir yonda Matbuotchilar uyi, “Poytaxt” supermarketi, yana bir yonda Toshkent Davlat Yuridik universiteti. U yog‘i “Amir Temur” xiyoboni, bu yoni Mustaqillik maydoni. Xullas daraxtlar soya-salqinida orom olib, sayr etadigan, kun davomida paydo bo‘lgan charchoqlarni chiqarib, hordiq chiqaradigan maskan.

Ammo ana shu hududda axlatlar uyumi do‘ppayib turibdiki, bu kishida yoqimsiz his uyg‘otadi. Bu axlatlar qayerdan kelib qolgani noma'lum. Ularni kim tashlaydi va nega aynan shu yerga yig‘ishadi? Yig‘ilgan axlatlarni nega olib ketishmaydi?

Axlatlar uyumi orasida turli xil narsalarni uchratish mumkin. Bo‘shab qolgan ovqat idishlarini-yu, g‘ijimlab tashlangan ichimlik qutilarini ham. Tsellofan paketlar bilan dunyo ahli kurash olib borayotgan bir paytda paketlardan ko‘kka yetaman degan axlat uyumi haqida yana nima deyish mumkin? Shamol bu paketlarni uchirib, ularni yanada keng maydonga tarqalishiga sabab bo‘layapti. Ariqlar ichiga tozalash bahonasida yashirilgan axlatlarga nima deysiz?

Bu kabi holatlar kuzatilmasligi uchun tegishli idoralar, mutasaddi tashkilotlar tuzilgan va ularning faoliyati qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yilgan. Axlatlarning bunday uyumi ularning o‘z ishlariga yetarlicha ahamiyat qaratishayotganiga shubha uyg‘otadi.

Balki oshirib yuborayotgandirmiz, ammo suratlarni inkor etib bo‘lmaydi-ku...

IMG_0355 - kopiya IMG_0374 IMG_0390 IMG_0393

Bu kimlar uchundir arzimas, “mayda-chuyda” gap ko‘rinar. Biroq bir narsani sira unutmaslik lozim. Har qanday katta muammo ana shunday befarqlik oqibatida kelib chiqadi. Bu aniq, bu isbotlangan, bu real haqiqatdir.

Sarvar Anvar o‘g‘li Foto: Sanjar Shoto‘laganov