Toshkentning “Shayx Zayniddin” jome masjidida taroveh namozlari boshlandi
Ramazon ibodatlaridan biri «Taroveh» namozi bo‘lib, musulmonlar uni ramazonda alohida e'tibor bilan ado etadilar. Darhaqiqat, Taroveh ramazonda Alloh Taologa yaqinlashtiradigan eng ulug‘ ibodatlardandir. Ibn Rajab dedilar: “Bilingki, Ramazonda mo‘'min kishining nafsi ikki jihodga ro‘para bo‘ladi, kunduzgi ro‘za va tungi taroveh namozi. Qaysi bir inson shu ikkisini sidqidillik bilan ado etsa behisob ajrlarga ega bo‘ladi”
Taroveh namozini masjidlarda jamoat bo‘lib o‘qishlik sunnatdir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Taroveh namozini jamoat bilan masjidda o‘qishni birinchi bo‘lib yo‘lga qo‘yganlar, keyin ummatga farz bo‘lib qolishidan qo‘rqib bu ishni tark etganlar. Paygambarimiz sollalloxu alayxi va sallam dedilar: «Kimki (ramazonda) imomi tugatgunicha u bilan birga namoz o‘qisa, unga kechaning hammasida namoz o‘qiganning savobi yoziladi». (Imom Termiziy va Ahmad rivoyati).
Ma'lumki, kecha 17 iyun sanasidan boshlab mamlakatimizning ko‘pgina jome masjidlarida taroveh namozlari ado etilmoqda. Xususan, poytaxtimizdagi “Shayx Zayniddin” jome masjidida ham bu ulug‘ ibodat amallari Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li boshchiligida tinch osoyishta amalga oshirilmoqda. Jome masjidda ham 17 iyun sanasidan boshlab taroveh namozlari boshlandi.
Taroveh namozining dastlabki kunida Baqara surasining yarmidan ortig‘i tilovat qilinib, Muqaddas Qur'oni Karimning bir yarim porasi tugatildi.
Ta'kidlash kerak, bu yil jome masjidimizda Quronni Karim xatimini Xasanxon qori va Nasrulloh qorilar ado etishlari belgilangan. Tarovehning ilk kunida ular tomonidan o‘qilgan oyat kalimalar namozxonlarni xushnud etdi.
Jome masjidda namozxonlarning ibodatlari uchun barcha shart sharoit yaratib berildi. Tahoratxona tozaligi, xavfsizlik yuksak saviyada. Ko‘ngilliklardan iborat yurtdoshlarimiz namozxonlarga xizmat qilishdi. Eslatib o‘tamiz “Shayx Zayniddin” jome masjidida taroveh namozi 21 kun etib belgilangan.
“Shayx Zayniddin” jome masjidi matbuot xizmati / Muxlis.uz