O‘zbekiston | 19:36 / 14.09.2015
8189
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati ziyoratchilari umra amalini bajardilar

12 sentabr kuni Toshkent viloyatining Angren shahri, Bo‘stonliq, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Ohangaron tumanlarida yashovchi fuqarolarimizdan tarkib topgan “Toshkent viloyati-1” va “Toshkent viloyati-2” guruhlari ziyoratchilari Madinai Munavvaradan Makka shahrining “Aziziya ash-Shimaliya” mintaqasida joylashgan to‘rt burjli “Abroj al-Muhammadiya” mehmonxonasiga yetib keldilar.


Ziyoratchilarga tajribali imom-xatiblar Azimjon Alimjonov va Farruh Kurganov yetakchilik qilmoqda. Yurtdoshlarimiz ishchi guruh va mehmonxona xodimlari tomonidan o‘zlari uchun ajratib qo‘yilgan har tomonlama qulay hamda shinam xonalarga joylashdilar. Tushlikdan so‘ng barcha ziyoratchilarga umra davomida bajariladigan amallar, uning shar'iy hukmlari jumladan, farz, vojib, sunnatlari yuzasidan ellikboshilar tomonidan yana bir bor puxta tushuncha va tavsiyalar berildi. Zero, haj va umra amallarini shar'iy talabalarga monand bajarish zaruriy shart hisoblanadi.

Bunga Qur'oni karimning “Baqara” surasi
وأتموا الحج والعمرة لله

“Haj va umrani (arkonlari ila) Alloh (rizosi) uchun to‘liq ado etinglar” 196-oyati kalimasi ham dalildir.
Hojilarimiz shu kuni kechasiga qadar hordiq oldilar. “Haram” masjidida ziyoratchilar siyraklashganlaridan so‘ng yurtdoshlarimiz duoi xayrlar qilib, “Labbaykallohumma labbayk, labbayka laa shariyka laka labbayk, innal hamda van ne'mata, laka val mulk, laa shariyka lak” talbiyasini aytgan holda maxsus avtobuslarda “Haram” masjidiga yetib keldilar.
Ziyoratchilarimiz qariyalar va ayollarni ehtiyot qilgan holda “tavof” va “sa'y” amallarini bajardilar. Umra amallarini bajarish davomida ular oila a'zolari va yaqinlari, umuman, barcha yurtdoshlarimiz haqlariga duolar qilib, Allohdan jondan aziz va muqaddas Vatanimizga tinchlik, barqarorlik, farovonlik hamda muhtaram Yurtboshimiz rahbarliklarida yanada ravnaq topishni ixlos bilan so‘radilar.
Umra amallarini tartib bilan va muvaffaqiyat bilan ado etgan ziyoratchilarimiz mehmonxonaga chuqur taassurotlar bilan qaytdilar.

Manba: religions.uz