Jamiyat | 20:35 / 26.11.2015
4989
2 daqiqa o‘qiladi

Masrur Usmonovning “Lafzi halollar” taronasiga ishlangan klipi premerasi bo‘lib o‘tdi

Bugun, 26 noyabr kuni o‘zbek estradasi vakillaridan biri Masrur Usmonovning “Lafzi halollar” taronasiga ishlangan klip premerasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur klipni tasvirga olish ishlari Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida bo‘lib o‘tdi. Taronaning so‘zi Tohir Muhammadga tegishli bo‘lsa, musiqasi xonanda Masrur Usmonov tomonidan bastalangan.

Klip bir qarashda juda oddiy usulda tasvirga olingandek, biroq chuqurroq mushohada yuritilsa, xonanda o‘z so‘zida turmaydigan, ikkiyuzlamachi kishilardan toliqqan va yolg‘iz qolgan insonning qiyofasini mahorat bilan gavdalantira olganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Xonandaning aytishicha, she'r matni, musiqa va unga ishlangan klip uning g‘oyasi asosida yaratilgan. “Bugun ko‘cha-ko‘yda ayrim lafzi yo‘q, o‘zini “erkakman” deb yurgan qo‘shtirnoq ichidagi kimsalarga duch kelishimiz mumkin, bu holat boshimizdan ham o‘tib turibdi. Shu sababli ijodiy jamoa bilan maslahatlashib, birgalikda mehnat qilganimizdan so‘ng mazkur qo‘shiq va uning klipi dunyoga keldi. Umid qilamanki, ushbu taronani tinglagan ayrim kishilar kerakli xulosani chiqarib, qat'iyatliroq bo‘lishga harakat qiladi”, - dedi Masrur Usmonov.