Jamiyat | 16:20 / 11.12.2015
10412
3 daqiqa o‘qiladi

RT Kreml propagandasi qanday ishlashini ko‘rsatib berdi

RT telekanali o‘zining 10 yillik yubileyi munosabati bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga “Kreml propagandasi” qanday ishlaydi, yoxud Simonyan, ayiq va qunduz sharbati” nomli videorolik namoyish etib berdi. Video hozirlikda YouTube videoservisiga joylashtirilgan.

Rolik telekanal tahririyatining ishiga bag‘ishlangan. Unda Rossiya televideniyesining ishlashi haqida yevropalik opponentlarning da'volari parodik tarzida ko‘rsatib berilgan.

Syujyetga ko‘ra, RT bosh muharriri Margarita Simonyan paxta chakmon (vatnik), quloqchin va kalishda kanal ishchilariga topshiriqlar berib boradi va biryo‘la kanalning ishlashini tomoshabinlarga ko‘rsatadi.

Birinchi kadrda u jomadon ichidan dollar taxlamlarini chiqarib, Mixail laqabli ayiqqa beradi va videorolik buyurtma qiladi. Keyingi kadrda esa telekanal byudjyeti keltirilgan yuk mashinasidan chiqadi.

“Ilgari beshta fura ham olib kelishardi, hozir esa inqiroz, bu safar yo bitta, yo ikkita olib kelishibdi. Hech qisi yo‘q, yetadi. Biz tejamkormiz”, - deydi bosh muharrir.

RT binosida u yerga to‘kilib ketgan qunduz sharbati idishiga duch keladi, so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan ko‘rsatma oladigan “tozalash bo‘limi”ga kiradi.

So‘ng Simonyan bir yo‘lak bo‘ylab yurib, Suriya, Donbass, Yaman va boshqa qaynoq nuqtalar bo‘yicha sahnalar suratga olinadigan pavilonlarni ko‘rsatadi. Keyin esa yerto‘laga tushib, kanalda ishlayotgan chet elliklarga “Makdonalds”dan xarid qilingan ovqatdan beradi.

Ekskursiya yakunida Simonyan xonim yangiliklar studiyasini tanishtiradi. Uning ishini to‘pponcha bilan qurollangan rossiyalik harbiy nazorat qilmoqda, teleboshlovchi esa stulga kishanlab qo‘yilgan.

“Siz buni shunaqa tasavvur qilgandingizmi? To‘ppa-to‘g‘ri, biz aynan shunday ishlaymiz”, - xulosa qiladi bosh muharrir montaj kabinetida. Video oxirida Vladimir Putin ushbu rolikni ko‘rayotgani namoyish etilgan.

Syujyet prezidentga 10 dekabr kuni, telekanalning 10 yilligi munosabati bilan ko‘rsatilgan. Davlat rahbari kanal ishchilarini tabriklash uchun “Novyy Manej” ko‘rgazma majmuasiga tashrif buyurgan edi.