Fan-texnika | 10:11 / 10.01.2016
5670
3 daqiqa o‘qiladi

HTCning CES-2016dagi yangiliklari

Las-Vegasda davom etayotgan CES-2016 ko‘rgazmasida HTC kompaniyasi bir qator yangi mahsulotlarini namoyish etdi. Bular orasida yangi virtual reallik shlemi hamda bir qancha fitnesga oid gadjyetlar diqqatga sazovor.

Vive Pre Vive VR virtual reallik shlemining yangilangan versiyasi bo‘lib, u HTC tomonidan Valve kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Shlem ilgarigidan kichikroq, yengilroq va qulayroq qilib yasalgan. Asosiysi esa, uning frontal kamerasi mavjud bo‘lib, uning yordamida virtual reallikka axyonda real dunyo tasvirlari qo‘shilib turadi. Bundan tashqari, HTC vakilining so‘zlariga qaraganda, shlemda aks etadigan tasvir ancha yorqin va ravshandir. Mazkur shlem keng sotuvga chiqarilmay, 7000 ekzemplyarda chiqariladi va ilova ishlab chiqaruvchilariga tarqatiladi. Uning narxi necha pul turishi oshkor etilmayapti. Vive’ning yakuniy versiyasi 2016 yil aprelida chiqariladi.

HTC Under Armour kompaniyasi bilan birga chiqarilgan yana uchta mahsulot anonsini o‘tkazdi: UA Band, UA Scale, UA Heart Rate. Bu fitnes qurilmalari alohida yoki HealthBox deb atalgan to‘plamda sotiladi.

UA Band fitnes-trekeri kun davomida foydalanuvchining faolligi hamda uning uyqu silsilasini kuzatib boradi. Bilakuzuk 1.3 dyuym diagonalli P-OLED-ekran hamda suv o‘tkazmaydigan korpus bilan ta'minlangan.

UA Scale tarozisi esa foydalanuvchi haqidagi ma'lumotlarni UA Band bilakuzugiga yoki mobil ilovaga yo‘llaydi. Tarozidan bir yo‘la bir necha kishi foydalanishi mumkin bo‘ladi, har biri uchun alohida nazorat yozuvi olib boriladi.

UA Heart Rate bilakuzugining asosiy vazifasi esa pulsni o‘lchashdir. Ma'lumotlar maxsus ilovaga yuboriladi, ilova esa, o‘z navbatida, grafik tuzib, foydalanuvchida uning sport mashg‘ulotlari qay darajada foydali bo‘layotganini ko‘rsatib boradi.

HealthBox to‘plamining narxi 400 dollarni tashkil qiladi. Gadjyetlar alohida xarid qilinganida, UA Band 180 dollar, UA Scale 180 dollar, UA Heart Rate esa 80 dollar turadi.