Jamiyat | 17:26 / 13.01.2016
45910
6 daqiqa o‘qiladi

"Dunyodagi eng xunuk ayol" qanday qilib baxtli bo‘lishni o‘rgangani haqida

Texas shtatida istiqomat qiluvchi 26 yoshli Lizzi Velaskes ba'zi bir internet resurslari tomonidan “dunyodagi eng xunuk ayol” deb topildi. Ammo, ta'kidlanishicha, ayol bundan tushkunlikka tushmagan, negaki o‘zini shundayligicha qabul qilishni o‘rgangan.

Bu haqda u “Dunyodagi eng xunuk ayolning eng baxtli ayolga aylanish tarixi” nomli kitobida hikoya qilib berdi.Lizzi Velaskes kamyob xastalikka chalingani bois uning yuzi nihoyatda notabiiy shaklga ega. Shu boisdan ko‘pchilik uning tashqi qiyofasini qabul qila olmasligi mumkin.

“Tug‘ilganimda hech kim bunday bo‘lishini gumon qilmagan edi, - deb yozadi ayol kitobida. – Bolaligimda hamma qatori o‘sardim, faqat juda ozg‘in edim. Keyin esa nimadir noto‘g‘ri ketgani bilindi. Singlim bor edi, u hamma qatori oddiy edi. Men esa boshqacha edim. Ota-onam meni ko‘p shifokorlarga olib borishdi, ammo xastaligim bedavo bo‘lib chiqdi”.

Genetik xastalik oqibatida Lizzi vazn to‘play olmaydi. Uning bir ko‘zi mutlaqo ko‘rmaydi, ikkinchisi esa xira tortgan. Maktab yillarida u ikki marta jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan, bir necha marta qoni almashtirilgan. Immunitetining nihoyatda zaifligi bois oddiy shamollash tufayli ikki haftalab yotib qolishi mumkin. Tibbiyot uning xastaligini endi o‘rganyapti.

13 yoshda Lizzi Texas universiteti doktori Abximanyu Gargning genetik tadqiqotlarida ishtirok etdi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra bu yangi tug‘ilganlarda kuzatiladigan, erta qarish, tanada yog‘ qatlamining yo‘q bo‘lishi va to‘qimalar distrofiyasiga olib keladigan progeroid sindromi ekanligi taxmin qilindi. Ushbu kasallikning davosi bugunga kunga qadar topilgan emas.

Shunga qaramay, Velaskes xonim tushkunlikka tushmaydi. U hayotdan rohat olib yashashga o‘zini o‘rgatdi va endilikda boshqalarning fikrini deb uyga qamalib olishni istamaydi.

“Umrim bo‘yi g‘alati nigohlardan qutula olmadim, meni qo‘l bilan ko‘rsatishlariga o‘rganib qolganman, - deydi u. – Ayrim begona insonlar esa menga haqoratli so‘zlar ham aytishadi. Nega boshqa qizlarga o‘xshamayman, degan savollar meni qiynab kelgan. Atrofimdagilar mendan ko‘ra baxtliroq, deb o‘ylardim. O‘zimdan va butun dunyodan jahlim chiqardi”.

“Bir kuni o‘rta maktabda o‘qib yurgan kezlarim dars qilish o‘rniga YouTube’da o‘tirgandim, - so‘zida davom etadi ayol. – Biror yoqimli musiqa qidirayotgandim, ammo uning o‘rniga bosh qahramonim bo‘lgan videorolikka duch keldim. Bu mening hayotimni teskari burib yuborgan palla bo‘ldi.

Sakkiz sekundli rolik “Dunyodagi eng qo‘rqinchli ayol” deb atalardi. Musiqasiz bu video qisqa muddatda 4 mln marta ko‘rilgan va o‘n minglab izohlar to‘plagan edi. Ular meni muhokama qilardi. Bu meni qanday azoblarga duchor qilganini so‘z bilan tushuntirish qiyin. Tasavvur qiling, kimdir internetga rasmingizni joylashtirib, sizni dunyodagi eng xunuk inson deb atasa, minglab odamlar esa uning fikriga qo‘shilsa va muhokamada ishtirok etsa...”.

Shunga qaramay, ayolning ta'kidlashicha, aynan shu voqea uning oilasini yanada jipslashtirgan. Va axiyri u boshqalarga o‘xshash harakatlarini tashlab, o‘zini boricha qabul qilishni o‘rgangan:“Ich-ichimdan men yaxshi fe'l-atvorli ajoyib qizligimni bilardim.

Tashqi ko‘rinish shaxsiyatimni kichik bir qismidir, va boshqalar men haqimda gapirganida unga asoslanishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Men shunchaki o‘zimdan nafratlanishdan charchadim. Hammasini boshidan boshlashga qaror qildim. Birinchi navbatda, ro‘yxat tuzdim. Yaxshi narsalarni ko‘rishni o‘rgana boshladim”.

Nihoyat, Lizzi bu hayotda o‘z o‘rnini topa oldi:“Diniy ta'lim yakunlanganidan so‘ng o‘zim ham dindan dars berishga qaror qildim. Ikki eng yaxshi do‘stim bilan uch yil davomida ikkinchi sinflarga dindan dars berib keldik. Bu ajoyib hayotiy tajriba bo‘ldi.

Hozir men 26 yoshdaman. Texas universitetida jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rganmoqdaman. Qiyin kunlarimda bugungiday baxtli bo‘lishim xayolimga ham kelmas edi. Hayotim risoladagiday, deb ayta olmayman. Har qanday inson ham boshqalarning u haqdagi fikrlariga qiziqadi. Lekin asosiysi – mening o‘z taqdirim bor. Hayot oson emas, lekin bu mening hayotim”.