Jamiyat | 14:52 / 21.03.2016
2089
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili o‘zining shimni kiyib yurish uslubi bilan internetni “larzaga soldi”

Odessa viloyati gubernatori, Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili kiyim kiyish borasida yana bir bor “antiqa didga egaligini” namoyish qildi. Shu sabab internetda ba'zi foydalanuvchilar uning aqli rasoligiga shubha bildirishdi.

Saakashvili kiyim kiyish borasida “qovun tushirishi” bilan ijtimoiy tarmoqlar “qahramoniga” aylandi. Ko‘rinishicha, Saakashvili shim kiyish borasida o‘z qarashiga ega, chunki u ikkinchi bor shimni “noodatiy kiyish uslubi” bilan ommani hayratlantirmoqda.

20 martda Dnepropetrovskda bo‘lib o‘tgan Aksilkorruptsion forum ishtirokchilaridan biri Facebook’ga Saakashvilining minbardan turib nutq so‘zlayotganining suratini yukladi. Suratda gruziyalik siyosatchi butun bo‘y-basti bilan turibdi va uning shimining pochalaridan biri negadir paypog‘i ichiga tiqib qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

"Mixail Nikolozovich Saakashvili albatta tarovatli inson, biroq shimini paypog‘iga tiqib olganini tushunmadim", deb izoh qoldirdi suratga foydalanuvchi.

Saakashvili 2015 yil iyulda Odessada politsiyachilar qasamyod qabul qilishi marosimida shimini teskari kiygan holda paydo bo‘lgani bilan internet ahlini hayratlantirgandi.

Saakashvili shunga o‘xshash qiliqlari sababli o‘zining aqli rasoligi borasida ko‘pchilikda shubha uyg‘otadi. Ba'zilar uni qandaydir ruhiy kasallikdan aziyat chekishi, kimdir esa asabi joyidamasligiga gumon qiladilar. Boshqa bir keng tarqalgan taxminga ko‘ra, Saakashvili giyohvand moddalar iste'mol qilib turadi va buning oqibatida ba'zida o‘zini nomaqbul tutadi.