Jahon | 11:29 / 01.04.2016
2881
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligi “Patrul militsiyasi” xizmatini ishga tushirdi

Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri Melis Turganbayev ichki ishlar idoralarining yangi xizmatini taqdim etdi. Hukumat binosi maydonida ushbu xizmat bosh boshqarmasining taqdimot marosimi o‘tkazildi.

IIV rahbarining qayd etishicha, xizmat har sakkiz soatda almashish usuli bilan tunu-kun faoliyat ko‘rsatadi.

Har bir patrul mashinasi ekipaji uch nafar militsiya xodimidan iborat bo‘lib, yo‘l harakatini nazorat qilish, qoidabuzarliklar yuzasidan ma'muriy bayonnomalar tuzish bilan shug‘ullanadi. Ularning yana bir vazifasi, jamoat tartibini saqlashdan iborat bo‘ladi.

"Mashinalarning har biriga foto-va videoregistratorlar o‘rnatilgan. Bu esa, nafaqat ziddiyatli masalalarni hal qilishda, balki militsiya xodimlarining poraxo‘rligiga barham berishda ham yordam beradi. Chunki, yangi talablarga ko‘ra, ayni shunday mashinadagi militsiya xodimi, YHQ buzilgani uchun bayonnoma yoza oladi", degan IIV vaziri.

Vazir shuningdek, jamoatchilik fikridan kelib chiqib, yangi patrul xizmati faoliyatiga tuzatishlar kiritib borilishini aytgan.