O‘zbekiston | 15:19 / 21.04.2016
4715
5 daqiqa o‘qiladi

Peterburglik mashhur fotosuratchi O‘zbekistondagi taassurotlarini hikoya qildi

Rossiyalik mashhur fotosuratchi Pyotr Karasyov o‘zining Instagram'dagi blogida O‘zbekistonga qilgan sayohati taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Muallif so‘zlari aslicha keltiriladi.

"O‘zbekistonga juda ko‘p xorijliklar tashrif buyurishadi. Bilmaganmidingiz? Men ham bilmasdim. Mavsum paytida mehmonxonani oldindan band qilishning iloji bo‘lmaydi - barcha mehmonxonalar band. Frantsuzlar, belgiyaliklar, nemislar, amerikaliklar, polshaliklar, chexlar, ispanlar, yaponlar - bu yerda ularni hamma joyda ko‘rishimiz mumkin, holbuki mavsumga hali ancha vaqt bor".

Rossiyada O‘zbekistonga quruvchilar keladigan tushunarsiz yurt sifatida qarashadi, Yevropada esa bu yerning naqadar maroqli ekanligini yaxshi bilishadi. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbeklar yevropaliklarga nisbatan ruslarga iliqroq munosabatda bo‘lishadi. Rus bo‘lganimiz uchun ham bizni quchoq ochib kutib olishdi, palov va kabob bilan bepul mehmon qilishdi, to‘yga taklif qilishdi va bularning barchasi chin dildan samimiy edi. Men hech tushunmayman, qanday qilib shunday ulkan, o‘rganilmagan, biroq qadrli mamlakat turganda Tailand yoki Baliga borish mumkin?"

Palov
"O‘zbeklar palovni ko‘pincha osh, ya'ni "ovqat" deb ataydilar. Kunduzgi soat 12da va tungi soat 12da beriladigan osh bor. Bayram tantanalarida esa palovni nahorgi soat 5da tayyorlashadi. Palov - birinchi raqamli taom. Shunisi qiziqki, oshni har bir shahar va xonadonda o‘ziga xos usulda tayyorlashadi. Bu yerga kelganimda 25 yildan beri palov tayyorlasam-da, bu taom haqida deyarli hech narsa bilmasligimni anglab yetdim. O‘zbekistonda mening hayotim o‘zgardi".

Har kuni non
"O‘zbekistonning turli hududlarida nafaqat palov turlicha tayyorlanadi, balki patir ham shunday. Patir non bu yerda birinchi o‘rindagi yegulik. Palovdan ham yuqori e'zozda, palovni bir marta yeyishsa, patir nonni to‘xtovsiz iste'mol qilishadi.
Har bir uyning yonida tandir bo‘lib, unda oila a'zolari o‘zlari, chap tomondagi ikki qo‘shni, o‘ng tomondagi ikki qo‘shni, tepadagi ikki qo‘shni hamda pastdagi ikki qo‘shnini hisobga olib, patir yopishadi va pishganidan so‘ng uni tarqatib ham chiqishadi. Bu hazil emas. O‘zbek hattoki hovlisini supurayotganida, ikki tomonidagi qo‘shni hovlining yarmini ham supurib qo‘yadi, bu ham behazil - suratlarga qarang, O‘zbekistonning ko‘chalari qanday toza!

Agar patiringni oxirigacha yeya olmasang, uni o‘zing bilan olib ketib, uyda yeyishing yoki kimnidir mehmon qilishing kerak.

O‘zbekistonda askar armiyaga xizmat qilish uchun ketayotganida patir tishlaydi va uni xonaning devoriga osib qo‘yishadi, bu ramziy ma'noda askar xizmatdan kelib, uni oxirgacha yeyib qo‘yishi uchun qilinadi".

Nasriddin va Temur
"Yoshligimda Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalar mening sevimli kitobim edi. Maktabda meni tushunishmasdi: sinfdoshlarimga Xo‘ja Nasriddinning kimligi va nima uchun u zo‘r ekanligini tushuntira olmaganman. U haqidagi barcha latifalarni haligacha yoddan bilaman.

Ulg‘aygach, bularning shunchaki latifa emasligini tushunib yetdim. Sharqda to‘g‘ri ma'nodagi latifalar bo‘lmaydi, "ikki xil ma'noli" saboq beruvchi hikoyalar bo‘ladi, ular qanday yo‘l tutish kerak yoki kerak emasligiga ishora qilib, donolik sari yetaklaydi. Ularni ma'nolari o‘zgarmagan holatda boshqa tillarga tarjima qilishning iloji yo‘q.

Nasriddinning o‘zbek bo‘lgan-bo‘lmaganligi noma'lum, lekin u bilan bog‘liq voqealar temuriylar hukmronligi davrida Samarqand hududida ro‘y beradi va ko‘p latifalarda Xo‘ja Nasriddin Temur bilan donolik borasida teng qilib ko‘rsatiladi.

Latifalarni rus tiliga tarjima qilib bo‘lmaydi, chunki o‘zbek tilida ko‘p fe'llar bir nechta ma'noga ega. Ularning asl ma'nolarini oxirgacha tushunmasam-da, Nasriddinning obrazi va qilgan ishlari mening hayotim va dunyoqarashimga katta ta'sir o‘tkazdi. Ana shunday tarixiy shaxslardan yana biri Amir Temur bo‘lib, biz Samarqandda buyuk temuriylar maqbarasini ham ziyorat qildik".