Sport | 20:10 / 23.04.2016
2523
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda rossiyalik tennischiga irqchilik aybi qo‘yilib, mag‘lubiyat berildi

AQShning Savanna shahrida "Chellenjyer" seriyasidan o‘rin olgan tennis musobaqasida rossiyalik tennischi Daniil Medvedevga irqchilik qilgani uchun raqibi Donald Yang bilan uchrashuvda mag‘lubiyat berildi.

Hisob amerikalik tennischi hisobiga 3:1 bo‘layotganda, Medvedev raqibining to‘p uzatishidan oldin 2 ta breyk-poyntga ega bo‘lgan. Navbatdagi to‘p o‘ynalishida rossiyalik aniq zarba bilan to‘pni maydonning burchagiga tushirgan. Chiziqdagi hakam barchasi qoida bo‘yicha bo‘lganini qayd qilgan va rossiyalikka ochko bergan. Medvedev shundan keyin kichik tanaffusga ketgan.

Biroq uning raqibi hakamning qaroridan norozi bo‘lib, qarorni bosh hakam qabul qilishini talab qilgan. Bosh hakam qora tanli ayol bo‘lgan. U o‘zi o‘tirgan vishkadan tushib, to‘p tushgan joyga borgan, Yang va chiziqdagi hakam bilan nimalarnidir gaplashib, qora tanli tennischi foydasiga qaror chiqargan.

Rossiyalik qarorni eshitgach, "Men u sizning do‘stingiz ekanligini bilaman. Bunga ishonchim komil" deb aytgan. Buni eshitgan tomoshabinlar kulib yuborgan.

Geym davom ettirilgan va Yang hisobiga yakunlangan. Medvedev tanaffus paytida hakam nomiga yana nimalardir degan, biroq u nima deganini hech kim aniq eshitmagan.

Shundan keyin uchrashuv nazoratchisi kortga tushib, bosh hakam bilan gaplashgach, Medvedevni sportchiga xos bo‘lmagan xatti-harakatda va irqchilikda ayblab, o‘yindan chetlatgan.

Rossiyalikning chetlatilishi e'loni tomoshabinlar orasida tushunmovchilik keltirib chiqargan. Rossiyalik o‘yin to‘xtatilishi bilanoq bosh hakam va raqibi bilan an'anaviy ravishda qo‘l siqishib chiqib ketgan. Bu holat ham unga nisbatan irqchilik aybi qo‘yilgandan keyin biroz g‘alatiroq ko‘ringan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu voqeani muhokama qilayotganlar "Qora tanlilarning bir-biri bilan do‘stlashishi haqidagi so‘zlar endi irqchilik deb hisoblanadimi?" deb taajjublanishmoqda.