Jamiyat | 23:48 / 03.05.2016
13232
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning Axtubinskida uch dumli mushuk paydo bo‘ldi

Rossiyaning Astraxan viloyatidagi Axtubinsk shahri ko‘chalarida bir vaqtning o‘zida ham cho‘chituvchi, ham o‘ziga jalb qiluvchi mutant mushuk kuzatildi. Qoramtir mushukning antiqaligi shundaki, unda har biri qimirlaydigan uchta dumi bor.  

G‘ayritabiiy mushukning videosi YouTube’da Svetlana Birilyuk ismli foydalanuvchi tomonidan chop etildi va u tomonidan "Ishonmaysiz!!! Mushukning uchta dumi bor!!!" deb nomlandi. Videoda o‘t ustida ikkita bir-biriga o‘xshash mushuk yurgani, biroq ulardan biriga yaxshilab qaralsa, uchta turli o‘lchamdagi dumi borligini ko‘rish mumkin. 

Video muallifi kadr ortida mushuk "daydi" ekanligini aytmoqda. Bu orada videoni ko‘rganlar mushukning bunday noodatiy ko‘rinishiga nima sabab bo‘lgani borasida bahslasha boshlashgan. Ba'zi foydalanuvchilar esa ikkita ortiqcha dum umuman soxta bo‘lib, u video muallifi tomonidan ko‘proq namoyish yig‘ish maqsadida mushukka yopishtirib qo‘yilgan bo‘lishi mumkinligini aytishdi.    

Bu orada veterinarlarning ta'kidlashicha, bunday mutatsiyalar tabiatda uchrab turadi. Biroq mutaxassislar "ko‘pdumlilik"ning sababini tushuntirib berishga hali ojizlik qilmoqdalar.   

Ta'kidlash joizki, mutatsiyalar nafaqat jonzotlarda, balki odamlarda ham uchrab turadi. Misol uchun, yaqinda Hindistonda "suv parisi" sindromiga ega bola tug‘ildi: chaqaloqning oyoqlari dumga o‘xshab chatishib ketgan, qo‘llari joylashishi esa suzgichlar qulochini eslatib yuboradi. Afsuski, bunday nuqson bilan tug‘ilgan bolakay bor-yo‘g‘i 10 daqiqa yashagan.