O‘zbekiston | 23:01 / 11.05.2016
16304
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘z majburiyatini bajarmagan fermerlarga nisbatan jarimalar kuchaytirildi

O‘zbekiston hukumati kelishuvdagi majburiyatlarini bajarmagan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari, tayyorlovchi va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga nisbatan jarimalarni kuchaytirdi. Bu haqda Podrobno.uz nashri xabar bermoqda.

Endi fermer shartnomada ko‘rsatilgan qishloq xo‘jaligi mahsuloti turi va uni muddatda topshirishdan bosh tortsa, xo‘jalik mahsulot tayyorlovchi tashkilotga toshirilmagan mahsulot qiymatidan 30 foiz miqdorida (avval 25 foiz) jarima to‘laydi.

O‘z navbatida, tayyorlovchi tashkilot shartnomada ko‘rsatilgan turlar va muddatlar bo‘yicha mahsulotni qabul qilishdan bosh tortgan har bir holat uchun fermerlik xo‘jaligiga 30 foiz miqdorda (avval 25 foiz) jarima to‘laydi.

Tayyorlovchi tashkilotlar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchisi tomonidan topshirilgan mahsulot uchun haqni to‘lashdan asossiz bosh tortishiga solinadigan jarima 15 foizdan 20 foizga oshirildi.

Hujjat bo‘yicha xo‘jalik tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotini davlat ehtiyojlari uchun sotib olish bo‘yicha shartnomalarning buzilishi uchun javobgarlik xatari sug‘urtalanishi mumkin.

O‘zbekistonda davlat buyurtmasi bilan paxta va g‘alla sotib olinadi. 2016 yildan meva-sabzavot mahsulotlarini (4 mln tonna) sotib olishga ham davlat buyurtmasi kiritilgan.