Jahon | 15:40 / 23.05.2016
13055
6 daqiqa o‘qiladi

Halok bo‘layotgan bolalik

Kuni kecha BMT qurolli to‘qnashuvlar va tabiiy ofatlar natijasida o‘zlarining kindik qoni to‘kilgan yurtlaridan bosh olib ketishga majbur bo‘lgan 30 millionga yaqin bolaning bilim olishi yo‘lida Ta'lim dasturini moliyalashtirishga qaratilgan global jamg‘arma tashkil etishga qaror qilganini bildirdi. BMTning global ta'lim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Gordon Braunning aytishicha, yangi jamg‘arma kelasi haftada bo‘lib o‘tadigan Gumanitar masalalar bo‘yicha jahon sammitida rasman tashkil qilinadi. U o‘z so‘zida BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF), YuNeSKO, BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarlik boshqarmasi, BMTning Taraqqiyot Dastruri, Jahon banki va boshqa xalqaro agentlik, nohukumat tashkilotlari va donorlarning uch yillik sermahsul faoliyati natijasi o‘laroq yangi jamg‘arma tashkil qilinayotganini ta'kidlab o‘tdi. Gordon Braun yangi jamg‘arma yangi o‘quv yilidan boshlab o‘z faoliyatini boshlashiga umid bildirdi.

Tahlilchilarning fikricha, BMT ta'lim dastrurlariga muntazam ravishda mablag‘ topa olmayotgani bois yangi jamg‘ara tashkil etilmoqda. Qochqin va muhojirlarga ajratilayotgan mablag‘larning atigi 2 foizigina qochqin bolalarning ta'limiga sarflanadi. Buyuk Britaniya sobiq bosh vazirining aytishicha, boshiga kulfat tushgan dunyo bolalarining ta'lim olishlari uchun xalqaro xamjamiyat 3,9 milliard dollar to‘plashi kerak bo‘ladi. Ayni damda BMT rasmiylari jamg‘arma oldida turgan vazifalarni va ajratilishi kerak bo‘lgan moliyalar miqdorini o‘rganib chiqmoqda. Gap shundaki, ayrim mamlakatlar jabrdiyda mamlakatlarga ikki tomonlama bitimlar asosida yordam bermoqda. Jamg‘armaga to‘planadigan mablag‘lar miqdori tahlil qilinayotganida ayni shu vaziyat inobatiga olinadi, dedi Gordon Braun. 

BMT vakillarining aytishicha, muhojirlarning bolalariga ta'lim berish orqali ularga porloq kelajak sovg‘a qilinadi hamda bolalarning radikal guruhlar saflariga kirib qolishining oldi olinadi. Shuningdek, yaxshi hayot orzusida bolalarning Yevropa sari yo‘lga chiqishlariga barham beradi.

BMTning Bolalar Jamg‘armasi (YUNISEF) Yevropaga kattalarning hamrohligisiz kelgan bolalarni himoya qilish yo‘lida zudlik bilan chora-tadbirlar ko‘rilishiga da'vat qilmoqda. YUNISEF vakillarining aytishicha, bu bolalar oldida katta xavf turibdi. Ular odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning qo‘liga tushib qolishi mumkin ekan. Interpol ma'lumotlariga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan muhojir va qochqinlarning har to‘qqiztasidan bittasini bolalar tashkil qiladi.

Sloveniyadagi muhojirlar markazida bo‘lgan bolalarning 80 foizidan ortig‘i bedarak yo‘qolib qoldi. Shvetsiyada har haftada yo‘qoladigan muhojir bolalarning 10 foizini bolalar tashkil qiladi. Yil boshidan beri Germaniyada 4,7 mingdan ortiq bola yo‘qolib qoldi. Ularning hammasi Germaniyaga kattalarning hamrohligisiz kelgani aniq bo‘ldi. BMT Bolalar jamg‘armasi Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlarga murojaat qilar ekan, muhojir va qochqinlarning bolalariga oid qabul qilinadigan har qanday qaror bolalar manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini eslatib o‘tdi. YUNISEF ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 96 yarim mingdan ortiq bola Yevropa mamlakatlaridan boshpana so‘ragan. 

Qurolli to‘qnashuv va beqarorliklar tufayli 4,5 million bola Suriya, Afg‘oniston, Somali, Sudan va Janubiy Sudanni tark etgan. Nizolar davom etayotgan mintaqalarda qolib ketgan bolalarning hayoti xavf ostida ekani aytiladi. Gohida bolalar o‘ldiriladi. O‘g‘irlangan bolalar esa jangarilar safida faoliyat yuritishga majbur qilinadi. Ayrimlari qullika sotib yuboriladi. 

Qurolli majoro, zo‘ravonlik, ochlik va qullikdan yer yuzida millionlab bolalar aziyat chekmoqda. Yo‘qotilgan bolalikni boshdan kechirgan nigeriyalik 9 yoshli qizcha terrorizmning bolalarga ta'siri xaqida kitob yozdi. Splendor Jo Abisa mamlakat shimolidan qochib ketgan bolalarning hayotini tasvirlashga uringan. Uning bitta fikri diqqatga sazovordir. U yozadi: “Terrorchilarning hammasi qachonlardir bola bo‘lgan. Agar ularga o‘z vaqtida ta'lim berilganida-mi, ular balki terrorchi bo‘lmasmidi”. Kitobning chiqishiga qizchaning ota-onasi ancha mehnat qildi. Urushlar xuddi terrorizm kabi yuz minglab bolalarning hayotini izdan chiqarib yubormoqda.

Har yili bedarak yo‘qolayotgan bolalar soni oshib bormoqda. Liberiyada kuzatilgan Ebola epidemiyasidan keyin 70 mingga yaqin bolaning dom-daragi chiqmadi. Har yili Yevropada chorak millionga yaqin bola yo‘qolib qoladi. Bugungi kunda dunyoda 168 millionga yaqin bola mehnat qilishga majbur etilmoqda. Shundan 5 millioni qullik sharoitlarida ishlaydi. Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarda 78 million, Tropik Afrikada esa  59 million bola, Lotin Amerikasi va Karib havzasida 13 million, Yaqin Sharq va Shimoliy  Afrikada 9 milliondan ortiq bola mehnatga qilishga majbur qilinadi.

Sharofiddin To‘laganov