O‘zbekiston | 14:51 / 24.06.2016
16458
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Pokistonning ShHTga kirishi bo‘yicha memorandum qabul qilindi

Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zolari Toshkentdagi sammit vaqtida  Hindiston va Pokistonning ShHTga to‘laqonli a'zo davlat maqomini olishi uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Endilikda Hindiston va Pokistonning ShHTga to‘laqonli a'zo bo‘lish jarayoni oxirgi bosqichga o‘tdi. 2015 yilning yozida Ufada bo‘lib o‘tgan sammitda bu davlatlarning a'zo bo‘lishi bo‘yicha jarayon boshlangandi.

«Davlat rahbarlari tashkilotning normativ-huquqiy hujjatlarida aks etgan talab va shartlarga muvofiq keladigan manfaatdor davlatlarning qo‘shilishi uchun ShHT ochiq ekanini yana bir bor qayd etib o‘tdi. Toshkent sammitida Hindiston va Pokistonning ShHTga to‘laqonli a'zo davlat maqomini olishi uchun majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumning imzolangani tashkilotni kengaytirish jarayonidagi muhim bosqich hisoblanadi», — deyiladi O‘zbekiston TIV axborotida.

«Davlat rahbarlarining qayd etishicha, Hindiston va Pokistonning ShHTga to‘laqonli a'zo davlat maqomini olishi tashkilot salohiyatini oshiradi va uning xalqaro maydondagi davrning dolzarb muammolarini hal qilish, mintaqada va umuman jahonda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha ko‘p tomonlama mexanizm sifatidagi rolini oshirishga xizmat qiladi», — deya qo‘shimcha qilingan vazirlik axborotida.

Rossiya prezidentining ShHTdagi maxsus vakili Baxtiyor Xakimov bu jarayon 2017 yilning 7-8 iyun kunlarida Ostonada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi sammitga qadar yakunlanishi kutilayotganini ma'lum qildi.

Ayni vaqtda Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston  va O‘zbekiston tashkilot a'zolari hisoblanishadi. Belarus, Mo‘g‘uliston, Hindiston, Eron, Pokiston va Afg‘oniston kuzatuvchi maqomiga ega. 

Foto: © RIA Novosti