Fan-texnika | 16:16 / 01.07.2016
17814
7 daqiqa o‘qiladi

Yangi super turizmo - yangi Porsche Panamera haqida 11 ma'lumot

1. Umuman yangi platforma 

Panameraning yangi ikkinchi avlodi MSB platformasining yangi namunasi negizida barpo etilgan. Bentley Bentayga mashinasi allaqachon mazkur platformani o‘z asosi qilib olgan. Yaqin orada, Bentley Continentalda ham ayni platforma paydo bo‘ladi. Uning o‘ziga xos jihati, doimo barcha g‘ildiraklarning yetakchi bo‘lishida. Avvalgi «Panamera»lar bunday emas edi. Bundan tashqari, uchkamerali pnevmatik podveska - moslashuvchi amortizatorlarga ega. Faol stabilizatorlar hamda orqa o‘qni boshqarish imkoniyati mavjud. 

Yangi platformaga o‘tgan Panamera biroz balandroq ko‘rinish olgan. Uning g‘ildiraklar asosi 30 mm kengaygan bo‘lsa, gabarit uzunligi 34 mm uzayib, 5049 mmni tashkil etgan. Eniga ham 5 millimetr kattalashgan. Yukxonasi hajmiga 63 litr qo‘shilib, 495 litrni tashkil etmoqda. Bunda kuzovning orqa qismi tomi 20 mm pasaygan. Mashina kapoti aksincha, uzunroq bo‘lgan. 

2. Juda aqlli shassi 

Elektromexanik qulflarga ega faol stabilizatorlar, xuddi Bentley Bentayga kabi o‘zining 48 voltli elektr manbaidan quvvat oladi. Uning orqa g‘ildiraklari, soatiga 50 km tezlikda ketayotganda, oldingi g‘ildiraklarga nisbatan 3 daraja ziddiga burilishi mumkin. Bunga qo‘shimcha ravishda shassi 4 xil tartibga ega — Normal, Sport, Sport Plus va Individual. Uni, rul chambaragidagi yumaloq vosita yordamida tanlash mumkin. Sport Chrono to‘plamida esa, mazkur selektor o‘rtasiga Sport Response knopkasi joylangan bo‘lib, u mashinaning barcha elektronikasini 20 soniya ichida eng "qahrli" tartibga o‘tkazadi. 

3. Alyuminiyning ko‘pligi

Yangi «Panamera»ning kuzovi — aytish mumkinki, alyuminiy va temirning murakkab qorishmasidir. Kuzovning barcha tashqi panellari va ayrim ichki qismlari alyumindan yasalgan. Qolgan butlovchi qismlar juda pishiq po‘lat qotishmalardan ishlab chiqilgan. Yangi kuzov, avvalgisidan 50 kgga yengllashgan bo‘lsa ham, Panamera Turbo elektronikaning ko‘pligi bois, 25 kgga og‘irlashib, 1995 kgga yetgan.

4. Yangi benzinli motorlar
 
Panamera 4Sdagi "oltilik" hamda Panamera Turbodagi "sakkizlik" (8 silindrli) motor — turbinalarga ega butunlay yangi kuch agregatidir. Asosiy motor — bu 2,9-litrli V6 biturbo dvigatel 440 ot kuchiga ega. Modelning Turbo rusumiga 4 litr hajmdagi, silindrlarni o‘chirish imkoniga ega V8 biturbo motor o‘rnatilgan. U 550 ot kuchiga ega. Panamera 4S 4,2 soniyada soatiga 100 km tezlikka erishsa, Panamera Turbo bu ko‘rsatkichga 3,6 soniyada chiqadi. 

5. Yangi superdizel

Qayd etish joizki, avvalgi «Panamera» dizelli «sakkizlik» motorga ega emas edi. Endilikda, 4 litrli biturbo yangi ishlab chiqildi. U, Audi SQ7 motoriga birmuncha o‘xshab ham ketadi. Yangi dvigatel 422 ot kuchiga ega bo‘lib, salkam 2 tonnalik mashinani 4,3 soniyada 100 km/soat tezlikka olib chiqa oladi. Eng yuqori tezligi 285 km/soat bo‘lgan bunday Panamera dunyoning eng tezkor dizelli mashinasi hisoblanadi. 

6. Eng zamonaviy PDK "robot"i

Porsche o‘zining robotlashgan PDK uzatmalar qutisini dunyodagi eng "zo‘r"i deb atashga jur'at etishgan. Ammo, u «Panamera» uchun maxsus yanada takomillashtirildi. PDKning yangi tasnifi ZF kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, 8 bosqichlidir. Uni keyinroq paydo bo‘lishi kutilayotgan Porsche Panameraning gibridli modellarida ham qo‘llash mumkin bo‘ladi. 

7. Dunyodagi eng yirik karbon-keramikali tormozlar 

Old g‘ildiraklarga o‘rnatilgan karbon-keramikali tormozlarning diametri – 420 mm. Bu hozircha, seriyali mashinalar orasida eng katta tormoz disklaridir. Uning narxi Germaniyada 9000 yevroga yaqin turadi. Bu o‘lchamdagi tormozlar Bentley Continentalga o‘rnatilgan.

8. Eng tezkor 4/5 eshikli mashina

Yangi «Panamera»ning Nyurburgring poyga yo‘lagidagi rasmiy vaqti — 7 daqiqa 38 soniya. Panamera Turbo karbonli Lexus LF-A, Ferrari 458 Italia va Nissan GT-Rning 2009 yilgi modeli bilan bemalol bahslasha oladi. Umuman, yangi «Panamera» juda-juda tez. 

9. Eng zamonaviy salon

Panamera avvalgi modelining salonida knopkalarning ko‘pligidan haydovchining boshi qotishi mumkin edi. Ammo, bu safar unday emas. Hammasi minimal darajada. Knopkalar sanoqligina qoldirilgan, boshqa vazifalarni markaziy konsoldagi 12,3 dyumli sensorli ekran vositada bajarish mumkin bo‘ladi. Yana ikkita 7-dyuymli displey priborlar paneliga joylashtirilgan. Ularning o‘ng tomondagisi asosan xaritani ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Multimedia tizimi Nvidia Tegra 3 chipi negizida barpo etilgan. U LTE tarmog‘i orqali internetga ulana oladi, Google xaritalari bilan ishlaydi va xohishga ko‘ra o‘zgartirsa bo‘ladi. 

Orqa konsolda yana bir planshet o‘rnatilgan bo‘lib, iqlimni o‘zgartirish, navigatsiya tizimi ma'lumotlarini ko‘rish, internetga ulanish va shu kabilarni bajarsa bo‘ladi. 

10. Matritsali chiroqlar va tungi ko‘rish imkoniyati

«Panamera»da ilk marotaba matritsali diodli chiroqlar paydo bo‘ldi. Ularning har birida 84 tadan yorug‘lik diodi mavjud. Ularning bir donasi mustaqil ravishda boshqariladi. Tavsiyalar ro‘yxatida shuningdek, tunda ko‘rish imkonini beruvchi tizim ham bor. U qorong‘u vaqtda odamlar va yirik hayvonlarni taniy oladi. Bundan tashqari, Porsche InnoDrive tizimi navigatsiya tizimi ma'lumotlari, ko‘rsatkichlar raqamlari va videokameralardagi suratlarni tahlil qilib, oldingi 3 km masofadagi yo‘lga mos harakatlar algoritmini ishlab chiqadi, kruiz-kontrol hamda uzatmalar qutisini boshqara oladi. Shu bilan birga, u burilishlar va tezlik cheklangan hududlarda tezlikni avtomatik pasaytira oladi. 

11. Ham qimmat, ham arzon

Hammasi oddiy: Porsche Panamera 4Sning yangi avlodi 118 600 AQSh dollariga baholangan. U, avvalgisidan 15 600 dollarga qimmatlashgan. 550 ot kuchiga ega Panamera Turbo esa, ajdodi bilan bir xil 154 500 AQSh dollari turadi.

 

Mavzuga oid