Light | 18:29 / 19.07.2016
33228
4 daqiqa o‘qiladi

Noan'anaviy hayot tarzini olib boruvchi antiqa juftlik

Adel va Mett Allen farzand tarbiyasiga butkul tabiiy yondashish tarafdoridir. Ular zamonaviy tibbiyot va an'anaviy maktab ta'limidan voz kechishgan, shuningdek bolani uzoq vaqt emizish tajribasini qo‘llab-quvvatlashadi. Braytonlik 32 yoshli Adel va 33 yoshli Mett o‘zlarining tarbiya usulini “qulayliklarsiz tarbiya” deb atashadi, ularning farzandlari – 5 yoshli Uliss va 1 yoshli Ostara – xali-hanuz ona suti bilan oziqlanishadi, shifokorga va oddiy ta'lim muassasalariga borishmaydi. 

Asl kasbi yozuvchi bo‘lgan Adel o‘g‘liga homilador bo‘lib, boshqalarga shubhali, juftlikning o‘ziga esa tabiiy tuyulgan tajribani qo‘lladi. “Qulayliklarsiz” – bu yetuklikka intilish, biroz tabiiy sharoitlarda yashash degani”, - deya izoh beradi ayol. “Biz haqiqatdan bunga doir ko‘p ma'lumot to‘pladik”, - dedi Met. 
 
Adel ikkala farzandini ham shifokor aralashuvisiz mustaqil dunyoga keltirgan, yonida faqat turmush o‘rtog‘i bo‘lgan. “Shifoxonada tug‘ish fikri ko‘p sabablarga ko‘ra menga yoqmasdi, bunga asosan yoningda begona kuzatuvchining borligi to‘sqinlik qiladi”, - deydi u. 

Adel va Mett tug‘ruq vaqtida antiqa uslubni qo‘llashga qaror qilishdi – ular plasenta va kindikni jarrohlik yo‘li bilan kesishmadi. Buning o‘rniga Adel plasentani o‘zi tabiiy yo‘l bilan tushgunga qadar hidi chiqmasligi uchun ustiga tuz va atirgul yaproqlarini sepib, sovutilgan paketda olib yurdi. 

“Ikkala tug‘ruqdan keyin ham kindik tabiiy yo‘l bilan tushishi uchun 6 kun kerak bo‘lgan, - deydi Adel. – Uni o‘rab, toza saqlanadi, so‘ng u tabiiy yo‘l bilan tushadi, shunda kindik mukammal holatda qoladi. Mening fikrimcha, bu umuman xavfsiz, har holda bizda bu yaxshi natija berdi”.

Adel farzandlarini oxirigacha ko‘krak suti bilan boqish tarafdori, uning 5 yoshli o‘g‘li xaligacha ona sutidan oziqlanadi. Ayolning fikricha, bola qachon xohlasa, o‘shanda ko‘krak sutidan ajralishi kerak. Hammasi tabiiy bo‘lishi kerak. 

Zamonaviy tibbiyotga ishonmaydigan Adel farzandlari kasal bo‘lganda, ularni tabiiy yo‘l bilan davolashni afzal deb biladi. Masalan, ko‘ziga infeksiya tushsa, ona suti tomiziladi yoki bo‘lmasa shamollaganda, limon suvini beradi. “Davolash uchun o‘simliklardan foydalanish kerak, zero ular foydali bakteriyalarni yo‘q qilmaydi. Men saraton kabi jiddiyroq kasalga chalinsam ham, aniq tabiiy giyohlardan foydalangan bo‘lardim. Men davolashning shu usuliga ishonaman va bu qanday ish berishini yaxshi bilaman”, - deydi Adel. 

Juftlikning farzandlari – Uliss va Ostara odatiy ta'lim muassasalariga borishmaydi, buning o‘rniga ular tabiatni o‘rganishadi.

Oila bekasi o‘zining tabiiy hayot tarzini targ‘ib etuvchi taniqli blogiga ega. Uning turmush o‘rtog‘i Mett shunday deydi: “Hamma narsani boshqacha qilishimizning o‘ziyoq biz uchun ajoyib saboq. Farzandlarimiz uchun biz shunchaki ota-ona emasmiz, bizning munosabatlarimiz yanada chuqur ahamiyat kasb etadi”. 

Hozirda oila a'zolari Kosta-Rikaga ko‘chib o‘tish va ekologik toza hayot kechirish uchun pul yig‘moqda. “Bizning maqsadimiz – o‘z-o‘zini ta'minlashga o‘tish. Markaziy Amerikadan katta yer sotib olib, oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zimiz yetishtirishni ko‘zlayapmiz”, - deydi Adel. 


 

Mavzuga oid