Jamiyat | 21:01 / 29.07.2016
4160
4 daqiqa o‘qiladi

“Men” “u(lar)”dan yuqorimi? 

“Terakt”, “qotillik”, “bosqinchilik”, “halokat”... XXI asrga kelib bu kabi so‘zlarga birmuncha sovuqqonlik bilan qaraymiz. Ha, albatta, bu kabi tajovuzlar ilgari ham bo‘lgan. Biroq ularning hammasidan ham xabardor bo‘lishning imkoni yo‘q edi. Bugun esa axborot asri taraqqiyoti o‘laroq, dunyoda yuz bergan har qanday noxushlik bir zumda axborot tizimlari orqali tarqalib ketmoqda. Psixologlarning fikriga qaraganda, kishilardagi befarqlik tuyg‘usining vujudga kelishi axborot asri evrilishlari bilan bevosita aloqadordir.  Xo‘sh, bog‘liqlik nimada? Psixolog Zebunniso Ahmedova buni quyidagicha izohlaydi:

– Odamlar turli xunrezliklar, qon to‘kishlar haqida shu qadar ko‘p axborot olmoqdaki, oqibatda kundalik hayotda yuz berayotgan oddiy noxushliklarga xotirjam qaraydigan bo‘lib qolishdi. Aytaylik, Suriyadagi shavqatsiz urush lavhalarini internet, televideniye orqali barcha kuzatib bormoqda. Shu bois, kundalik hayotda, masalan, ko‘chada yiqilib tushgan bolachani ko‘rganda unga rahmi kelmasligi yoki  boshqa kulfatga duchor bo‘lgan odamga hamdardlik bildirmay, loqayd o‘tib ketishi mumkin. Bu oddiy psixologiyadir. Katta talofatlar haqida har kuni cheklanmagan miqdorda axborot oladigan odamning diydasi qotib ketishi tayin. 

Qiziq, bugun insoniyat ongi va ruhiyatida yuz berayotgan jamiki o‘zgarishlarning umumiy maxraji axborot xurujlariga borib taqalmoqda. Biroq axborot-psixologik xavfsizlikni ta'minlashning iloji bormi? Odamlarning bir-biriga loqaydligi muammoligicha qoladimi? 

–  Befarqlik azaldan mavjud bo‘lib kelgan sotsiolik-falsafiy kategoriyadir, – deydi sotsiologiya fanlari nomzodi Nazokat Alimova, – Biroq so‘nggi yillarda bu illat jamiyatda ayniqsa chuqur ildiz otdi. Buning sababi sifatida G‘arb mamlakatlari mafkurasi loqaydlikni urf, tendensiyaga aylantirganini aytish mumkin. Masalan, “Hayotdan bahra ol”, “O‘zing uchun yasha”, “O‘z baxting uchun kurash” kabi shiorlar ostidagi turli media-mahsulotlar, ayniqsa shu g‘oyaga asoslangan filmlar ko‘payib ketdi. Bu odamdagi “men” degan egoistik determinatorni rivojlantirib yuboradi. Odam “men”ni qancha yuqoriga qo‘ysa, “u” va “ular”ga nisbatan shu qadar loqayd va befarq bo‘lib boradi. 
    
“Insonga nisbatan sodir etilishi mumkin bo‘lgan eng kabih jinoyat nafrat emas, balki befarqlikdir” , – degan edi buyuk ingliz adibi Bernard Shou. Befarqlik jinoyat bo‘lsa, hech o‘ylab ko‘rganmizmi, bizning o‘zimiz bu jinoyatni necha marta sodir etganmiz? Necha bor yordamga muxtoj kishining oldidan befarq o‘tib ketib, necha bor jinoyatchi bo‘lganmiz? 

Mohlaroyim QAYuMOVA

Mavzuga oid