Jamiyat | 14:49 / 07.08.2016
33779
11 daqiqa o‘qiladi

Halollik – qalb xotirjamligi asosi

Foto: Mehrob.uz

Allohga beadad shukrlar, cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin, yurtimizni istiqlol ne'matidan bahramand aylab, beqiyos erkinliklar yo‘lini ochib qo‘ydi. Endi xalqimiz o‘zi va tevarak atrofdagi xalqlar bosib o‘tgan yo‘lni, ortda qolgan tarixni tanqidiy o‘rganib, kerakli qadamni qo‘rqmasdan tashlay oladi. Buyog‘iga endi shunchaki: “Boshqalar bilan nima ishim bor, ertaga nima bo‘lsa bo‘lavermaydimi, bugungi kunim g‘animat!” deb yashash yaramaydi. Chunki “Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi”.
 
Bugun ko‘zi ochiq har bir vatandoshimiz ziyrak bo‘lishi lozim. Sababi, mustaqil, yosh davlatning ko‘z tikib turgan hasadchilari, soxta “do‘stlari” ko‘p bo‘lishi tabiiy.
Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam): “Ilmni talab qilinglar, garchi u Xitoyda bo‘lsa ham” mazmunli tavsiyalariga amal qilish bugungi kunimizda juda zarur. Bu muborak tavsiyaga amal qilmaganlar og‘zidagi oshini oldirib qo‘yadi.

Hurmatli Prezidentimizning: “Biz hech kimdan kam bo‘lmaganmiz, kam bo‘lmaymiz ham”, degan shiori asosida ishonch bilan harakat qilib, harom qayerda, halol qayerda ekanini oyday, kunday ravshanlashtirib olish, bilganlarimizga amal qilish uchun kechayu kunduz intilmog‘imiz kerak. Haloliga hisob, haromiga azob bor ekanini unutmasligimiz lozim. Demak, bundan harom yoki gunoh ishni qilishdan saqlanish zarurligi, faqat halol yo‘ldan yurgan taqdirdagina mutlaq yaxshilik, huzur halovatga yetish mumkinligi haqidagi bilim kelib chiqadi. Anglashilyaptiki, harom va gunoh odamning qalbini, demakki, vujudini doim qorong‘i qilib, ich-ichdan ezilib yurishiga sabab bo‘ladi. Halollik va to‘g‘rilik esa, odamning qalb xotirjamligiga asosdir.

O‘g‘ri o‘zining qilayotgan o‘g‘irligidan qalban xotirjam emas, “Ishlarim yurishib ketsa edi, umuman o‘g‘irlik qilmasdim”, deb qayta-qayta o‘z-o‘ziga so‘z beradi. Agarchi uning boyligi ko‘payib ketsa ham, to shu gunohini tark etmaguncha halovat topmaydi. Shuning uchun u ba'zan qiyinchilikda qolgan qandaydir insonlarga yordam bergisi kelib, qalb rohatiga yetishishni xohlab qoladi. Hatto, shunday qiladi ham. U astoydil kirishsa, o‘g‘riligini tashlab ham ketadi. Biroq hamon o‘g‘irligini tark etmayotgan ekan, u o‘zining qalbida g‘alayon qilayotgan o‘sha ikki o‘t orasida kuyib yuraveradi.

Odam o‘ldirishdan toymaydigan jallodlar ham o‘zlarining bu ishlari uchun kuniga necha martalab afsuslar chekadi, meni ham bir kuni o‘ldirishlari mumkin-ku, degan qo‘rquv uni hech qachon tinch qo‘ymaydi. Ammo manfur ishini davom ettiraveradi, qalbi esa battar qorayib boraveradi. Ba'zan esa kimgadir rahm qilib, uning qandaydir biror tashvishini yengillashtirib ham beradi. Bu bilan u shuncha rohatlanadiki, sababini o‘zi ham bilmaydi. U o‘zining qilgan xunrezliklaridan astoydil tavba qilishni, yaxshi odamlar safiga kirib, oddiy hayot kechirishni doimiy ravishda orzu qilib yuradi.

Jamiyat orasida salmoq jihatidan qanchadir foizni tashkil qiladigan ashaddiy tovlamachi, yolg‘onchi kimsalar hamisha bo‘ladi. Ular ham o‘zlarining bu qilmishlaridan obro‘lari kunma-kun, soatma-soat tushib borayotganini sezishadi. Bu amallari sabab vijdonan rosa qiynalib yurishadi. Aldab charchaganlaridan ba'zan to‘g‘ri ishlar qilishadi. Va shu ozgina to‘g‘ri ishlaridan o‘zlari rosa xursand bo‘lishadi.
Qur'oni karimda bunday marhamat qilingan:

“Rabbingiz Odam o‘g‘illarining bellaridan (pushti kamarlaridan) zurriyotlarini (ruhlarini) chiqarib olib, ularni o‘zlariga guvoh qilib: “Men Rabbingiz emasmanmi?” (dedi).

(Ular): “Rabbimizsan, iqrormiz” – dedilar” (A'rof, 172).

Ya'ni, Odamning (alayhissalom) sulbidan to oxir zamongacha bu dunyoga keladigan insonlarning ruhlari chiqarilib jam qilinganida, hammalari Alloh taoloning Xojaligiga, o‘zlari Uning qullari ekaniga tillari va dillari bilan iqror bo‘lishgan. Ya'ni, har bir inson Parvardigorning buyurganlarini qilishga, qaytarganlaridan qaytishga va'da bergan. Shu tufayli noto‘g‘ri ish qilganlar va'dasiga xilof amallar sodir etganlari uchun xotirjamligini yo‘qotishadi, to‘g‘ri ish qilganlar va'dasiga vafo qilganlari uchun shodmon bo‘lishadi.

Shu o‘rinda insonga qalbiy xotirjamlik va halovatning naqadar zarurligiga yana bir necha misol keltirmoqchimiz. Musulmonlar, bilibmi-bilmaymi, biror gunoh sodir etishsa, bu ishlaridan afsus nadomatlar chekib, Tavvobu Rohim bo‘lgan Rabbisiga istig‘forlar aytishib, tavba qilishadi va amallaridan qaytishadi. Ana shundan keyingina qalb sokinligiga va xotirjamlikka erishadilar.

Fir'avnga (alayhil la'na) Alloh taolo cheksiz boylik berib, ko‘ngliga kelganini muhayyo qilib qo‘ydi, na bir kasallik, na bir muammoga duch kelmadi. Fir'avn haddidan oshib, o‘zini “xudo” deb e'lon qildi. Lekin u ham o‘zining ojiz bir banda ekanini, bir kun kelib, unga ham o‘lim yetishini bilar edi. Shuning uchun qalbining tub tubida doimo bir qo‘rquv, dilqorong‘ilik saqlanib yurar, halovati yo‘q edi. Bu gaplarning tasdig‘i Qur'oni karimda turibdi. “Musoning (alayhissalom) ortidan ta'qib qilib, dengizga g‘arq bo‘lishi aniq bo‘lib qolgach, u imon keltirdi” (Yunus surasi, 90, 91, 92 oyatlar).

Xalqimizda saqlanib kelayotgan bir maqolda yuqoridagi mavzuga aloqador fikr ta'kidlanadi: “Yarimta nonim – rohati jonim”. Maqolning sirtqi va birlamchi ma'nosi ozgina bo‘lsa ham, halol rizq topgan odam qalb halovatini sezishi haqida. Buni boshqacha tomondan ta'riflash ham mumkin: qanchalik boyib ketsang-da, qalbingga g‘ubor tushiradigan ishni qilishdan saqlan, shunda oldingdagi halol rizqingni rohatlanib, maza qilib yeysan.
“Alloh mo‘minlardan jonlarini va mollarini jannat evaziga “sotib oldi...” (Tavba, 111).

Avvaldan to oxir bu dunyo hayotida yashab, qandaydir ishlar va faoliyatlar bilan shug‘ullangan inson zoti borki, har bir bosgan qadami, qasd qilgan o‘yi mukammal yozib turiladi. Bu dunyoda qilgan amallari evaziga yo jannatni, yo do‘zaxni sotib oladi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bir hadisi shariflarida: “Baraka o‘n qismdir, shundan to‘qqiztasi savdoda”, deydilar. Biz ushbu kitobda “savdo” so‘zining nafaqat tijorat ma'nosini, balki undan katta va keng ma'nolarni, ba'zan esa majoziy ma'nolarni ham istifoda qilmoqchimiz. Maqsad – qisqa bo‘lsa ham, gapni tugal aytish. Tavfiq Allohdan.

Umuman olsak, savdo insonning hayot kechirish, naslini davom ettirish, haloldir, haromdir – rizq izlash uchun boshqa insonlar bilan kerakli har turli moliy, lafziy, jismoniy muomalalarga kirishuvini bildiradi. Tilimizda umr savdosi, mol-mulk savdosi, nasiya savdo, naqd savdo, rost savdo, yolg‘on savdo, halol savdo, harom savdo, lafz savdosi (ahdlashuv, sulh), tana savdosi, g‘irrom savdo, qul savdosi, odam savdosi kabi iboralar iste'mol qilinadi. Ba'zilari tez-tez, ba'zilari ahyon-ahyonda ishlatiladi. Biz ham o‘rni bilan ularning ayrimlari haqida to‘xtalishga harakat qilamiz.

Alhamdulilloh, musulmonmiz. Shuning uchun savdo xususida so‘z yuritishda savdo va uning har xil turlarini shartli ravishda ikkiga bo‘lamiz: Alloh rozi bo‘lgan savdo, Allohning qahru g‘azabiga sabab bo‘ladigan savdo. Masalaga ana shu mezon asosida yondashsak, inshaalloh, to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz. Baqara surasining 275 oyatida oldi-sotdi – halol, ribo – harom ekanligi aytiladi.

Alloh taolo oldi sotdi – halol deyaptimi, demak bu bir vaqtning o‘zida ham savdo qilishga ruxsatni, ham savdoni halol olib borishga buyruqni bildirib kelyapti. Noto‘g‘ri qadam qo‘yilsa, noshar'iy amal qilinsa, savdo halol bo‘lmaydi. Shu sababdan qaysi savdo Alloh rizosiga, qalb xotirjamligiga olib boradi-yu, qaysilari, aksincha, jazoga sabab bo‘ladi, bularni ochiqlashga ehtiyoj bor.

Rasuli akramdan (sollallohu alayhi va sallam) rivoyat qilingan bir hadisi sharifda: “Rostgo‘y, omonatli tojir nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, deb marhamat qilingan (Imom Termiziy).

O‘shandoq ulug‘ zotlar bilan bir safda bo‘lish qanchalar ham oliy baxt! Buni har bir mo‘min-musulmon orzu qilishi aniq. Jannat benihoya qimmat joy, unga yetib borish unchalik ham oson bo‘lmasligi tabiiy. “Mehnatning tagi rohat”. Do‘zax esa doimiy qiyinchilik joyi. Unga borish, unga yetishish juda ham oson, arzon. Ehtimol, shuning uchun do‘zax yo‘li ko‘plarni ohanrabosi, “jilvayu nozlari” bilan o‘ziga rom qilar?! Lekin dunyo tamaddunida o‘ziga xos salmoqqa ega bo‘lgan donishmand xalqimizning maqoli bor: “Arzonning sho‘rvasi tatimas”, Do‘zax, jahannam juda yomon joy. Alloh panoh bersin!

Manba: Mehrab.uz