Jamiyat | 18:14 / 17.08.2016
10487
2 daqiqa o‘qiladi

“Kinoaktyor” teatr-studiyasi o‘zining ilk spektakli – “To‘maris”ni taqdim etdi   

Foto: O‘zA

“O‘zbekkino” milliy agentligi tomonidan O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlab madaniy-ma'rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.  

Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida agentlik tomonidan tashkil etilgan “Kinoaktyor” teatr-studiyasi faoliyati yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va unumli o‘tkazish, yosh kinoaktyorlarning professional malakasi va mahoratini oshirishga qaratilgan. 

Ushbu studiyada yozuvchi Yovdat Ilyosovning “Olachipor ajal” tarixiy romani asosida qo‘yilgan “To‘maris” spektakli namoyish etildi. Respublika kinochilar uyida mazkur spektaklning ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

“O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori O.Musayev va boshqalar istiqlol yillarida san'atning barcha turlari kabi kino rivojiga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. Kinematografiya teatr, musiqa, adabiyot kabi bir necha san'at turlari uyg‘unligida ravnaq topuvchi san'atdir. Shu ma'noda “”Kinoaktyor” teatr-studiyasining tashkil etilishi kinoijodkorlarning doimiy izlanishi, o‘z ustida ishlashi, mahoratining charxlanishi uchun o‘ziga xos ijodiy maydon vazifasini o‘tashi shubhasiz.   

  
Spektaklda Karim Mirhodiyev, Farhod Xudoyberdiyev, Elmira Rahimjonova, Gulxumor Abdullayeva, Feruza Sobitova, Jamila G‘ofurova, Nargiza Salmonova kabi aktyorlar qatnashgan. Postanovkachi rejissyor – Sayfiddin Meliyev.

Mavzuga oid