O‘zbekiston | 08:38 / 27.08.2016
15543
3 daqiqa o‘qiladi

“Hukumat bolalar nigohida” veb-sayti endi qoraqalpoq tilida ishga tushirildi

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi rahbarligida “Hukumat bolalar nigohida” (www.kids.gov.uz)  veb-sayti qoraqalpoq tilida “so‘zlay” boshladi. Bu haqda «Kun.uz»ga Uzinfocom xabar qildi. Endilikda, yanada ko‘proq bolajonlar ushbu veb-sayt orqali davlat nima degani, qanday vazirliklar bor, uni kim boshqaradi, nima uchun armiya kerak kabi ko‘plab savollarga javob olishlari, shuningdek hukumat tuzilishi haqida keng tushunchaga ega bo‘lishlari mumkin.

Eslatib o‘tamiz, ushbu “Hukumat bolalar nigohida” loyihasi O‘zbekiston Respublikasida 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola yili” deb e'lon qilinishi munosabati bilan ishlab chiqilgan bo‘lib, ushbu loyihaning maqsadi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini amaliyotga keng tadbiq etish ishlarining mantiqiy davomi bo‘lib, bolajonlarda “Davlat” va “Hukumat” haqida tasavvurlar, O‘zbekiston haqida umumiy tushunchalar, hamda bolajonlarning huquqiy bilimlarini shakllantirishga hizmat qiladi.

Mazkur “Hukumat bolalar nigohida” veb-sayti O‘zbekiston Respublikasidagi yurtimizda ishlab chiqilgan shu turkumdagi ilk loyiha hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish Vazirligi rahbarligida «O‘zinfokom» kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, joriy yilning 13 iyunida ishga tushirilgan.

Shuningdek, ushbu veb-saytda O‘zbekiston Respublikasi va hukumat tuzilishi haqida umumiy ma'lumotlar sodda matnlar va rasmlar yordamida tasvirlab berilgan bo‘lib, undan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari dars jarayonida foydalanishlari ham mumkin.

Umid qilamizki, mazkur veb-sayt kichik foydalanuvchilarga manzur bo‘lib, ularning “Davlat” va “Hukumat” to‘g‘risidagi bilim va tushunchalarini oshirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid