Qirg‘iziston prezidenti mamlakat konstitutsiyasini o‘zgartirish lozim deb hisoblaydi
Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambayev konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishgina respublikaga chin ma'noda mustaqil bo‘lishga imkon beradi, deb hisoblaydi.
Iyul oyida hukmron parlament koalitsiyasiga kiruvchi bir necha partiyalar Qirg‘iziston konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan chiqishdi. Prezident Atambayev ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi. Biroq mamlakatdagi bir qator siyosatchilar prezident atrofidagi kishilarni hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolish manfaati yo‘lida Asosiy qonunni qayta yaratishga urinishda ayblab, bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashmadi.
“Agar biz mamlakatimiz butkul mustaqil bo‘lishi, Qumtorni (yirik oltin koni) o‘g‘irlaganlar qonun oldida javob berishi, sud va huquqni muhofaza qilish organlar islohoti oxiriga yetkazilishi, hukumat esa har yili o‘zgarmay, barqaror faoliyat yuritishini istasak, u holda konstitutsiyani o‘zgartirish kerak”, - dedi Atambayev mamlakat Mustaqilligining 25 yilligini nishonlash munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirida.
Prezidentning ta'kidlashicha, 2010 yilda davlat to‘ntaruvidan keyin qabul qilingan konstitutsiyada “avtoritar rejim yaratish uchun barcha sharoitlar yaratilgan”. “Bu konstitutsiya mualliflaridan birining ruhiy holatidan kelib chiqqan. Shu bois ham eng avvalo uni o‘zgartirish kerak”, - dedi u.
So‘nggi 25 yil ichida Qirg‘iziston konstitutsiyasi sakkiz marta o‘zgargan. Konstitutsiyaning joriy tahririyati Venetsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan va xalq referendumida qabul qilingan. Unda mamlakat Asosiy qonunini 2020 yilgacha o‘zgartirishni taqiqlovchi punkt bor. Joriy o‘zgarishlar tashabbuskorlari mamlakat bosh vazirining vakolatini kuchaytirish hamda deputatlik faoliyatini bosh vazir yoki bosh vazir o‘rinbosari lavozimi bilan birga olib borishga imkon yaratishni taklif qilishmoqda. Mamlakatning sud tizimi va konstitutsion sud faoliyatiga doir bo‘limlarga sezilarli o‘zgarishlar kiritish ko‘zlanmoqda.
Mavzuga oid
13:40 / 24.11.2024
Qirg‘izistonda elektron sigaretalar taqiqlanadi
13:51 / 23.11.2024
Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi O‘zbekistonda sezildi
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024