Jamiyat | 20:01 / 01.09.2016
41664
3 daqiqa o‘qiladi

Olmaotalik 11 yoshli qiz bemor onasini boqish uchun pul topmoqda

Masha Didyayeva Olmaota viloyatining Ili tumanida istiqomat qiladi. Uning kundalik turmush tarzi boshqa 11 yoshli qizlarnikidan mutlaqo farq qiladi. Masha oilasini boqish uchun repetitorlik qilib pul topadi. Bu ajoyib qiz haqida Facebook sahifalaridan ma'lumot olindi. 

Kichik qahramonning og‘ir taqdiri Olmaotadagi “Mehr ulash” fondi faollarining diqqatini tortdi. 

“Masha juda ajoyib qiz, u hozir 11 yoshda. U xasta onasini boqish uchun uyda repetitorlik bilan shug‘ullanib, pul topadi. Shuni ta'kidlash joizki, Mashaning IQ darajasi – 180, uni hatto 4-sinfdan biryo‘la 6-sinfga o‘tkazishgan”, - deya so‘zlaydi “Mehr ulash” fondining asoschisi Aleksandra Bekisheva. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, qizcha onasi bilan qiyin ahvolda qolmaslik uchun unga biror bir ish topishda fonddan yordam so‘ragan. 

Mashaning oilasi u va onasidan iborat. Uning onasi avval ko‘tarma kranda ishlagan, biroq sog‘lig‘idagi muammolar sabab mehnatga layoqatsiz ahvolda qolgan. 

“Qizning so‘zlariga ko‘ra, onasi buyrakdagi yetishmovchilik va kamqonlik sabab ba'zan hushidan ketadi. Biz ba'zi tibbiy tahlillar o‘tkazishda yordamlashdik, hozirda qizcha bilan onasida qanday kasalliklar bo‘lishi mumkinligini aniqlashtirishga harakat qilyapmiz. Barcha tahlillar natijalariga ega bo‘lgach, ularga dori-darmon va davolanishda ham yordam qo‘lini cho‘zishni istardik”, - deydi xayriya xodimi. 

Mashaning maktabga tayyorlanishiga KGNT kompaniyasi yordam berdi. Fond Mashaning oilasiga uy olishda ham yordam berishni rejalashtirgan, ular shaharda uy ijara narxi qimmat bo‘lganligi bois qishloq joyda ijarada yashashadi. 
 
Xayriya fondi xodimining aytishicha, Masha neyrojarroh bo‘lishni orzu qiladi va hozirning o‘zidanoq bu kasbni o‘rganishga kirishgan. U mamlakat poytaxti Ostonada yashashni va o‘sha yerda o‘qishni orzu qiladi. 

 

Mavzuga oid