Jahon | 10:00 / 22.09.2016
3641
3 daqiqa o‘qiladi

Nauru prezidenti iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashni urushga qiyosladi

Nauru respublikasi prezidenti Baron Uaka BMT Bosh Assambeyasi 71-sessiyasida ma'ruza qilar ekan, xalqaro hamjamiyatni iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni hal etish uchun choralar ko‘rishga undadi. U "vayron qiluvchi dovul va siklonlarni qudratli bombalar portlashiga qiyosladi", dunyo okeani suv sathining ko‘tarilishi esa, uning ta'biri bilan aytganda "dushman qo‘shinlarining yurishidir".

Nauru rahbari orol davlatlarning iqlim va xavfsizlik bo‘yicha BMT maxsus vakilini tayinlash taklifini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. "Iqlim sababli vujudga kelgan xavfsizlik muammolari muhim ahamiyat kasb etadi, - deb ogohlantirgan Uaka. – Nauru manfaatidan baholasak, iqlim o‘zgarishi yirik gumanitar inqirozdir. Bu biz uchun urushga teng".

"Yaqin o‘n yillarda vaziyat tobora yomonlashadi. Men jiddiy savollarga javob bera olishimizga ishonmayman, - deya davom etgan siyosatchi. – Hosildorlik pasayib, suv zaxiralari kamayib borayotgan bir vaqtda 9 mlrd insonni boqa olamizmi? Sohilbo‘yi hududlari suv ostida qolgach, boshpanasiz qolgan millionlab insonlarni himoya qila olamizmi?"

Shu munosabat bilan, Uakaning fikricha,  xalqaro hamjamiyatning asosiy vazifalaridan biri "zaxiralarni qayerda ko‘proq talab bo‘lsa, o‘sha yerga yo‘naltirishni yo‘lga qo‘yishdan iborat". 

"BMT Nizomi davlatlar tengligi haqida bong uradi, ammo har doim ham bunga amal qilinmaydi, - deb qayd etgan davlat rahbari. – Dunyoni o‘zgartirib yubora oladigan sanoqli davlatlar bor. Biz shunday yo‘l tutishimiz kerakki, ular global muammolarni hal etishda boshqalarni ergashtira olsin". U, shuningdek, BMT XK tarkibini kengaytirib, "Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Braziliya va boshqa mamlakatlarni" uning doimiy a'zosi bo‘lishga loyiq deya hisoblashini bildirgan. 

Nauru respublikasi Tinch okeani g‘arbida joylashgan 21,3 kv.km. maydonga mustaqil davlat bo‘lib, dunyoning eng kichik davlati hisoblanadi. 11 ming kishilik aholisining 90 foizi sohilbo‘yida istiqomat qiladi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid